15:17 / 09.11.2015
26333

O‘zbek kinosiga nazar: Kun.uz muxbiridan “Ajal jodusi” filmiga taqriz

Oxirgi paytlarda matbuotda, internet nashrlarida “xususiy filmlar”ni “davlat filmlari”ga qarshi qo‘yish, birinchisini qayta-qayta tanqid ostiga olish barobarida, “jiddiy” filmlar tomoshabinga ko‘proq foyda keltirishini bir ovozdan takrorlash urf bo‘lib qoldi. Lekin, tan olish kerak, “jiddiy” filmlar ham ko‘pgina hollarda tomoshabinning ishonchini oqlolmayapti: dolzarb mavzularni ko‘taradigan, ko‘ruvchilarga ozuqa berishga yo‘naltirilgan ayrim kartinalar ssenariyning sayozligi, syujyetdagi beo‘xshovliklar, texnik kamchiliklar bois hafsalani pir qilmoqda. Shu tufayli, ochig‘ini aytganda, kinoteatrga tushib, o‘zbekistonlik ijodkorlarning yangi kinoasarlari bilan tanishishdan oldin “yetti o‘lchab bir kesadigan” bo‘lib qolganman.

Hilol Nasimovning yangi “Ajal jodusi” nomli filmini ko‘rishdan oldin mana shu fikrlarni aqlimda tutib, o‘zimni bir yarim soat zerikishga ruhan tayyorladim, toki seansdan so‘ng o‘zimdan ham, kinochilardan ham ko‘ngil qolmasin. Illo, kutilmaganda ekrandagi voqealar meni o‘ziga tortib ketdi, bir yarim soatlik xronometraj esa juda qisqa tuyuldi. Xullas, ko‘pdan buyon birinchi marta kinozaldan mamnun bo‘lib chiqdim.

Toshkent viloyatidagi chekka tog‘li qishloqlardan biri. To‘ng‘ich farzandining to‘yini o‘tkazgan oila moddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Olingan qarzlarni uzish, qolaversa, tuzukroq ish topib, oila tebratish kerak. Qo‘ni-qo‘shnilar oldida yuzi shuvut bo‘lgan, boshqa ilojini topa olmagan oila boshlig‘i ikki o‘g‘lini olib, Rossiyaga ravona bo‘ladi. Uylanganiga endigina 2 oy bo‘lgan Tolib ham, uning endigina qishloqdosh qizni ko‘z ostiga olib qo‘ygan ukasi ham yorlarini tashlab ketishga majbur bo‘lishadi. Rossiyada aka-uka kutilmagan murakkabliklarga uchraydi; yoshlarning yo‘ldan adashishi oxir-oqibat katta fojiaga olib keladi...

Film ancha pishiq ishlangan. Harqalay, “Odnoklassniki” menda bu qadar yaxshi taassurot qoldirmagan edi. Hilol Nasimov tez-tez uchraydigan, OAVda ko‘p bora hikoya qilingan tipik qismatlardan birini olib, uning misolida moliyaviy qiyinchiliklar, xorijda ishlashning og‘ir sharoitlarini ochib berishga harakat qilgan. Ochig‘i, xuddi shu voqeani hujjatli film shaklida ifodalasa ham bo‘lar edi. Ya'ni, ijodkor kartinaning badiiy jihatidan ko‘ra ijtimoiy mazmuniga ko‘proq urg‘u bergan. Va, aytish mumkinki, muammoni ochib berishda yutuqqa erishilgan.

Syujyetdan o‘rin olgan mavzular doirasi shu qadar kengki, Nasimov bir o‘q bilan ikki emas, bir yo‘la besh quyonni urishga muvaffaq bo‘lgan: dabdabali to‘ylar, chet elda mehnat qilish zahmati, “Kamolot” uylari, ekstremistik guruhlar faoliyati va hattoki Ukraina. Film qahramonlaridan biri kabi “Ukrainaning nima aloqasi bor?”, dersiz? Afsus, buni oshkor eta olmayman.

Oxirgi oylarda Rossiya matbuoti sahifalaridan tushmay qolgan Markaziy Osiyo vakillari orasida o‘g‘ri va bezorilarning ko‘p uchrayotgani bilan bog‘liq muammo ekstremizm mavzusiga bog‘lab yuborilgani ham diqqatga sazovor topilmadir. Bundan tashqari, qishloq xalqining og‘ir turmush tarzi, mayda poraxo‘rlik singari masalalar ochiq ko‘rsatilgan.

Xo‘sh, “Ajal jodusi” ko‘rishga arziydigan filmmi? Buni har kim o‘zi belgilaydi. Biz esa uning yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatib berish bilan kifoyalanamiz.

Kartinaning yutuqlari:

Voqealarning sekin-asta, bir tekis rivojlanishi. Shoshma-shosharlik “Ajal jodusi”ga xos emas. Bayon izchil olib boriladi, qahramonlarning har bir harakati batafsil tushuntirib beriladi. Ammo filmning ikkinchi yarmida voqealar negadir tezlashib ketadi, sun'iylik va zo‘rma-zo‘rakilik ko‘payadi. Bu, menimcha, xronometrajning cheklanganligi bilan bog‘liq bo‘lib, ijodkorlar hamma-hammasini 1.5 soat ichiga sig‘dirishga urinishgan.

Dialoglar. O‘zbekistonda ishlangan filmlarda g‘aliz, notabiiy dialoglar ko‘p uchraydigan hodisadir. Ammo “Ajal jodusi” ijodkorlari qahramonlarning so‘zlari ustida ishlashgani ko‘rinib turibdi. Bu borada O‘g‘iloy opani ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim: bu ayol tilidan yangraydigan iboralar va xalq maqollarini rang-barangligi bilan meni qoyil qoldirdi. Tan olish kerak, filmning ikkinchi yarmida dialoglar ham sun'iylashgan.

Dolzarb va qiziqarli ma'lumotlarning ko‘pligi. Masalan, seans davomida siz Xo‘jand aholisining ko‘pi o‘zbekligini, Rossiyaning jinoiy guruhlari tarkibida o‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlardan tashqari, qirimlilar, ajarlar va boshqalar ham borligini bilib olasiz, bundan tashqari, ajar-gur milliy raqsi acharulidan bahramand bo‘lasiz. O‘zbek filmlarining eng katta kamchiliklaridan biri shundaki, qahramonlar haqida tilga olinadigan ma'lumotlar – ularning yashash joyi, kasbi, oilaviy sharoiti va h.k. – shunchaki xarakter ustiga kiydiriladigan to‘n vazifasini o‘taydi, lekin qahramonlarning xatti-harakatlarida va so‘zlarida mutlaqo aks etmaydi. Voqealar Surxondaryoning chekka qishlog‘ida sodir bo‘lsa ham, aktyorlar Toshkent shevasida gapirishni kanda qilmaydi; bosh qahramon shifokor, aktyor, sotuvchi yoki bekorchi bo‘lishi mumkin, lekin bu uning so‘zlarida ko‘rinmaydi. “Ajal jodusi” ijodkorlari bu kamchilikdan qochishga uringan.

Panoramali suratga olish priyomlarining keng qo‘llanilishi videoqatorni ancha boyitgan. Hojiboy Tojiboyev aytganiday, filmlarimizda to‘kilib tushgan eski devorni ko‘raverib zada bo‘lganmiz. Lekin qush parvozidan qaraganda qishloqlar ancha chiroyli qiyofaga kirar ekan!

Kamchiliklar:

Bir qancha g‘alati, sun'iy epizodlar ko‘zga tashlandi. Aytaylik, yosh kelinchak Layloning yarim kechasi erining o‘rtog‘i bilan ko‘chaga chiqib ketishi, bunga uning qaynona-qaynotasi hech qanday munosabat bildirmasligini qanday tushunish mumkin?

Film nihoyasining to‘mtoq bo‘lib qolgani – bu haqda yuqorida aytilgan edi.

Fojiali oqibatlarning ortiq darajada ko‘payib ketgani – bitta oilada birdaniga buncha o‘zgarishlar sodir bo‘lishi hayotiy emasdek tuyuldi. Hilol Nasimov tomoshabinlarga maksimal hissiy ta'sir o‘tkazishga harakat qilgani tushunarli, lekin fojiaviy ko‘lamning bir qismidan voz kechilsa, filmning mazmuni va ta'sirchanligida hech qanday o‘zgarish bo‘lmas edi, nazarimda.

Aktyorlarga kelsak. Filmga ko‘plab taniqli san'atkorlar jalb qilinganiga qaramay, ularning aksariyat qismi kichik epizodlarda ko‘ringan, kichik obrazlarni gavdalantirgan, shu bois film o‘yinchi kadri ob-havosiga sezilarli ta'sir o‘tkazmagan. Quyidagi rollar, menimcha, maromiga yetkazib ijro etilgan: O‘g‘iloy opa – shoshqaloq va vahimachi qishloq ayoli yaxshi ko‘rsatib berilgan; Fozil – Tolibning ukasi; hovliqma va hissiyotga beriluvchan o‘smir roli o‘xshatib o‘ynalgan; tulkining dumiday ayyor imom (“xo‘jandlik tojik”) – uning ko‘zlaridan naqadar ikkiyuzlamachiligini, gaplari yolg‘on ekanligini anglab olish qiyin emas.

Lekin Aziz Rametov gavdalantirgan obraz yuqorida tilga olinganlarni ancha ortda qoldirib ketgan, deb ayta olamiz. Bosh qahramonning do‘sti, xotinboz bezori Shohruh obrazi maromiga yetkazib o‘ynalgan. Aziz Rametov obrazga sho‘ng‘ib ketgani so‘zlarida, ko‘zlarida, fikrlarida va xatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa Layloni maishatga undash sahnasida Shohruhning gapirish ohangi juda xatarli yangradi. Qoyil! Eng yaxshi rol!

Eng yomon rol esa Layloga “nasib” qildi. Bu aktrisaga yuz ifodasi va ohanglar ustida ko‘proq ishlashni tavsiya qilgan bo‘lardim.

Eng yomon kadr – erining xiyonati daragini olgan Layloning yuzi yirik planda ko‘rsatiladi, biroq bu yuzda tuzuk-quruq his-tuyg‘u aks etmaydi.

Eng yaxshi kadr – film so‘ngida ikki qiz yorlari ortidan qarab qoladi.

Muallif: Eldor Asanov

Top