07:24 / 09.11.2015
4829

La liganing 11-turida "Real" "Sevilya" maydonidan mag‘lubiyat bilan qaytdi

8 noyabr kuni La Liganing 11-turida navbatdagi uchrashuvlar o‘tkazildi. "Ramon Sanches Pisxuan" stadioniga safar qilgan "Real" "Sevilya"dan 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va bu madridliklarning joriy mavsumdagi ilk mag‘lubiyatiga aylandi.

O‘yindagi ilk va oxirgi gollar "Real" futbolchilari hisobiga yozildi.

Dastlab, 22-daqiqada Serxio Ramos akrobatik uslubda yo‘llagan zarbasi orqali hisobni ochdi. "Sevilya"ning sobiq futbolchisi bu golini nishonlay olmadi, u bu vaziyatda yerga noqulay qulab, yelkasidan jarohat oldi va o‘yinni muddatidan avvalroq yakunladi.

"Sevilya" birinchi bo‘limning o‘zida hisobni tenglashtirdi, Chiro Immobile o‘tkir burchakdan Kasilya darvozasini ishg‘ol qildi - 1:1.

Ikkinchi bo‘limni maydon egalari faol boshlashdi. Ayniqsa, Yevgeniy Konoplyanka o‘zining faol harakatlari evaziga mehmonlar darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi. O‘yinning 61-daqiqasida aynan uning faolligi evaziga "Real" darvozasi ishg‘ol qilindi. Ukrainalik futbolchi jamoadoshi bilan "devor" o‘ynab jarima maydonchasiga kirdi va Banegaga uzatma berdi. Ever uch himoyachi orasida bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qildi.

"Real" safida Xames Rodrigesning maydonga tushishi "qaymoqranglilar"ning o‘yinini biroz kuchaytirdi. Ammo Benites jamoasi imkoniyatlardan foydalana olmadi. Jumladan, 73-daqiqada burchak to‘pidan Kazemiro bosh bilan yo‘llagan zarbani Serxio Riko shundoqqina darvoza chizig‘i ustida ushlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Oradan 1 daqiqa o‘tib esa zaxiradan maydonga tushgan Fernando Lorente qanotdan yetkazilgan uzatmani bosh bilan darvozaga joyladi va hisobni 3:1 kshriniishiga keltirdi.

Qolgan daqiqalarda "Sevilya" to‘p nazoratini to‘liq o‘z tomoniga oldi va "Real"ni to‘psiz harakat qilishga majburladi. Faqatgina ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalar tugashiga 30 soniya qolganida Xames Rodriges jarima maydonchasi tashqarisidan chiroyli zarba bilan hisobni bittaga qisqartirdi.

"Real" mavsumda ilk marta mag‘lubiyatga uchradi, ammo bu mag‘lubiyat ularni jadvalda 2-o‘ringa tushirib qo‘ydi.

La liga, 11-tur
Sevilya – Real Madrid 3:2 (1:1, 2:1)
Gollar: 0:1 – 22 Ramos, 1:1 – 36 Immobile, 2:1 – 61 Banega, 3:1 – 74 Lorente, 3:2 – 90 Xames.
Sevilya – Riko, Andreolli (Kolodzeychak, 84), Mariano, Tremulinas, Rami, Konoplyanka, Kryxovyak, Banega (Kron-Deli, 78), Nzonzi, Vitolo, Immobile (Lorente, 70).
Real Madrid – Kasilya, Ramos (Varan, 32), Danilo, Nacho, Pepe, Modrich, Kroos (Xese, 78), Isko (Xames, 63), Kazemiro, Beyl, Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Nacho (5), Immobile (37).

Top