14:57 / 09.11.2015
3432

Toyota sun'iy ong yaratishga 1 mlrd dollar sarflaydi

Toyota kompaniyasi yaqin 5 yil ichida sun'iy ong yaratishga 1 mlrd dollar sarflaydi. Bu summa markaning yangi ilmiy markazini rivojlantirish loyihasida ko‘rsatilgan. Uning ochilishi 6 noyabr kuni aytilgan edi.
Toyota Research Institute nomli yangi markaz 2016 yil yanvaridan ish boshlaydi. Bu haqda kompaniya prezidenti Akio Toyoda matbuot anjumani chog‘ida aytib o‘tdi.

Ilmiy markazning ikki korpusidan biri Kaliforniyadagi Stenford universiteti, biri Massachusets texnologik instituti yonida joylashgan. Yangi loyiha ushbu oliygohlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi dasturning davomi bo‘lib, uning doirasida tilga olingan OTMlarga kompaniya tomonidan 50 mln dollar ajratiladi. Loyiha sun'iy ong ishlanmalarini rivojlantirishgagina emas, robotexnika yaratishga ham yo‘naltirilgandir.

Toyota Research Institute direktori etib amerikalik robotexnika mutaxassisi doktor Gill Prett tayinlandi. Ilgari Prett Massachusets instituti ilmiy xodimi va AQSh istiqbolli mudofaa ilmiy-tadqiqiy ishlanmalar agentligi (DARPA) menejyeri lavozimlarida ishlagan. Agentlikda mutaxassis robotlar yordamida fojialarni bartaraf qilish va oldini olish bo‘yicha maxsus dasturga boshchilik qilgan.

Prettning so‘zlariga qaraganda, TRI’ning boshlang‘ich maqsadi avtomobil xavfsizligini sun'iy ong hisobiga oshirish, keksa va imkoniyatlari cheklangan insonlar uchun avtomobil texnologiyalarini rivojlantirish bo‘ladi.
Toyota mashinani avtonom rejimda boshqarishning o‘z tizimi ustida ishlamoqda. Oktyabr oyi boshida Highway Teammate yarim avtomatik boshqaruv tizimining takomillashtirilgan versiyasi jamoatchilikka taqdim etilgan edi. U mashinaga shosseda haydovchining ishtirokisiz harakatlanish imkoniyatini beradi.

Top