10:09 / 10.11.2015
2785

BMT: Yamandagi siklonlardan keyin aholining 80 foizi insonparvarlik yordamiga muhtoj bo‘lib turibdi

Siyosiy urushlar girdobida qolgan Yamanga tabiiy ofatlar ham jiddiy zarar keltirmoqda. 9 noyabr kuni Yamanning Sokotra oroli qirg‘oqlariga kelib urilgan "Meg" sikloni tufayli 6 kishi halok bo‘lgan va 60dan ortiq kishi jarohatlangan. Bu haqda BMT rasmiy vakili Stefan Dyujarrik ma'lum qildi.

"Meg" nomli tropik siklon kucha Sokotra oroliga xuruj qildi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bu tufayli 6 kishi halok bo‘lib, 60dan ortiq kishi jarohatlangan. Bu tabiyy ofat jiddiy iqtisodiy zarar keltirdi. Sokotradagi qishloqlar jabrlandi. BMT yordamga muhtoj hududlarga yordam yetkazishni boshlagan", deydi Dyujarrik.

Bir necha kun oldin Yamanga "Shapala" nomli siklon ham yopirilgan, o‘shanda 8 kishi halok bo‘lib, 44 mingdan ortiq kishi uylarini tark etishga majbur bo‘lgandi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi sohasi jiddiy zarar ko‘rgan, hosil nobud bo‘lgan.

Ushbu ikki yirik tabiiy ofat tufayli shundoq ham ikki siyosiy kuch o‘rtasidagi nizolardan aziyat chekayotgan Yaman xalqi o‘ta nochor ahvolga tushgan. Ayni vaqtda, BMT ma'lumotiga ko‘ra, Yamanda 21 million kishi (mamlakat aholisining 80 foizi) insonparvarlik yordamlariga muhtoj bo‘lib turibdi. Tashkilotning ogohlantirishicha, Yamandagi 22 viloyatdan 10tasida ocharchilik boshlanishi mumkin.

Top