12:29 / 10.11.2015
3607

O‘zbekistonlik eshkakchi Olga Umaraliyeva Rio-2016 o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi

2015 yilning 4-8 noyabr kunlari Indoneziyaning Palembang shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik yana bir sportchi Olga Umaraliyeva qit'a chempionatining oltin medallariga ega chiqdi. Shu bilan birgalikda u, 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasi uchun belgilangan me'yorni bajardi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergan.

Baydarkada eshkak eshish bo‘yicha 200 metr masofaga o‘tkazilgan yakkalik poygalarida Olga marra chizig‘iga birinchi bo‘lib yetib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar ushbu qit'a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari Aleksey Mochalov baydarkada, Gerasim Kochnev esa kanoeda eshkak eshish bo‘yicha yakkalik qayiqda 1000 metr masofaga o‘tkazilgan poygada birinchi o‘rinni egallagandi. Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha ikki kishilik qayiqda 1000 metr masofaga bo‘lib o‘tgan poygada Vadim Menkov va Serik Mirbekov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan.

Shu tariqa, Palembang shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bir yo‘la besh nafar o‘zbekistonlik eshkakchi 2016 yili Rio-de-Janeyroda o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun belgilangan me'yorni bajardi.

Top