15:49 / 10.11.2015
2964

Platini FIFA prezidentligi uchun saylovda qatnashsa, Infantino o‘z nomzodini qaytarib oladi

UYeFA bosh kotibi Janni Infantino FIFA prezidentligi uchun taqdim etgan o‘z nomzodini qaytarib olish ehtimoli haqida ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, UYeFA rahbari Mishel Platini saylovda ishtirok etadigan bo‘lsa, Infantini ishtirok etmaydi. Bu haqda uning o‘zi Italiyadagi La Gazzetta dello Sport nashriga ma'lum qilgan.

"Platini - mening boshlig‘im. Men u bilan 10 yildan buyon birga ishlab kelaman. Agar u saylovda nomzod sifatida ishtirok etishi aniq bo‘lsa, albatta, uni qo‘llab-quvvatlayman va men uning foydasi uchun o‘z nomzodimni qaytarib olaman. Bu shunchaki sadoqatim ifodasi. Ayni vaqtda esa FIFA prezidentligi uchun nomzodlar qatorida turibman va ishlashda davom etmoqdaman", deydi u.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyining oxirida Shveytsariya prokuraturasi Mishel Platini FIFA rahbari Yozef Blatterdan 2 million frank miqdorida mablag‘ olgani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni boshlagan va uni 90 kunga futbol faoliyatidan chetlashtirgandi. Ushbu muddatga yana 45 kun qo‘shib berilishi mumkin va agar shunday bo‘lsa, Platini 2016 yilning 26 fevraliga belgilangan saylovda qatnasha olmaydi.

Infantino 26 oktabr kuni, FIFA prezidentligi uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan muddat yakunlanishi arafasida o‘z nomzodini taqdim etgandi.

Infantino 2009 yildan buyon UYeFA bosh kotibi lavozimida ishlab keladi. Uning mutaxassisligi advokat bo‘lib, 15 yildan buyon UYeFAdan ishlaydi.

Ma'lumot uchun, FIFA prezident sayloviga nomzod sifatida 7 kishining hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazgan.

Bular Mishel Platini, UYeFA bosh kotibi Janni Infantino, FIFA Ijroqo‘mi sobiq a'zosi Jyerom Shampan, Iordaniya shahzodasi Ali bin Al-Hussayn, OFK rahbari, bahraynlik shayx Salmon ibn Ibrohim, Liberiya futbol uyushmasi rahbari Musa Biliti hamda Janubiy afrikalik multimillioner Mosima Gabriel Sevale FIFA prezidentligi uchun rasman nomzod hisoblanishadi.

Top