12:06 / 10.11.2015
3738

Qozog‘iston etnik qozoqlar immigratsiyasi qoidalarini yengillashtirmoqchi

Qozog‘istonda uzoq muhokamalardan so‘ng boshqa davlatlar fuqarolari bo‘lmish etnik qozoqlarning mamlakat hududiga ko‘chib kelish qoidalarini yengillashtirish borasida qadamlar tashlanmoqda.

5 noyabr kuni mamlakat senati o‘ralmanlarga (boshqa davlatdan ko‘chib kelgan etnik qozoqlarga) imtiyozlar berish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma'qulladi. Agar ushbu loyiha mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan imzolansa, ularga 3 oydan 1 yilgacha bo‘lgan muxlatda fuqarolik beriladi. Ilgari 4 yil muddat ko‘zda tutilgan edi.

Bundan tashqari, o‘ralmanlar istagan joylariga ko‘chib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ilgari ularning Ostona yoki Olma-Otada o‘rnashishi taqiqlangan edi.
Shuningdek, hukumat ularga nisbatan qo‘llanilayotgan terminologiya ustida ham bosh qotirmoqda. Boshqa davlatdan ko‘chib kelayotgan qozoqlarning kattagina qismi "o‘ralman" atamasini xushlamayotgani bois bundan buyon ular “bag‘irdosh” (bauyrlas) yoki “vatandosh” (otandas) deb atalishi mumkin.

Oxirgi yillarda moliyaviy qiyinchiliklar hukumatni o‘ralmanlar dasturini biroz qisqartirishga majbur qilgan edi, natijada ularga belgilangan ko‘plab imtiyozlar va nafaqa to‘lovlari bekor qilingan edi. 2012 yilda Qozog‘istonga 39 ming o‘ralman kelgan bo‘lsa, 2014 yilda bu ko‘rsatkich 8 ming kishiga qisqarib ketdi. 2015 yilning 9 oyi mobaynida tashrif buyurgan o‘ralmanlar soni 3 012 kishini tashkil qildi.

Top