12:40 / 10.11.2015
6231

Qozog‘istonda tanga kursining beqarorligi tufayli avtomobillar narxi yana oshib ketdi

Qozog‘istonlik avtodilerlar dollarning tangaga nisbatan kursi yana ortib borayotgani munosabati bilan avtomobillar narxini qayta ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi Nur.kz portali.

Hyundai dilerlari narxlarni o‘tgan hafta payshanba kunidan boshlab o‘zgartirishdi. Bugungi kunga kelib Kia, ŠKODA va Chevrolet rusumlarining narxlari ham bir qadar oshdi.
Narx o‘zgarishi nafaqat 2015 yilda, balki undan ilgariroq, 2014 yilda chiqqan mashinalarda ham kuzatilmoqda.

Masalan, o‘tgan yilgi Kia cee`d modelining Classis komplektatsiyasi 432 ming tangaga qimmatlashdi, lekin shu yilgi mashinalar narxi oshmadi. 2014 yilning eng qimmat varianti Premium+ narxi 709 ming tangaga oshdi.
2015 yil mashinalaridan Sorento narxi keskin oshib ketdi. Uning eski bahosiga yana 1.7 mln tanga qo‘shildi.

Bugun, 10 noyabr kuni, Hyundai, BMW va Subaru modellarining Qozog‘istonga mo‘ljallangan saytlari offlayn holatida turibdi. Taxmin qilinishicha, ular mashinalarning bahosini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Allur Auto prays-listidagi narxlar esa hozircha o‘zgarmadi.

Top