07:15 / 10.11.2015
4061

Robert De Niro Rossiya fuqaroligi olishga qarshi emasligini aytdi

“Oskar” va “Oltin globus” kinomukofotlari sohibi, Gollivudning mashhur aktyorlaridan biri Robert De Niro Moskvada o‘zining yangi restoranini ochdi. Shu munosabat bilan u rossiyalik jurnalistlar bilan suhbatlashdi. Amerikalik aktyor Moskvaga Nobu restoranlar tarmog‘i egalaridan biri sifatida keldi.

De Niro jurnalistlar bilan suhbatga yaxshi kayfiyatda keldi, ular bilan suhbat chog‘ida ko‘p tabassum, hazil-mutoyiba qildi.

Oxirgi paytda ko‘plab xorijiy artistlar, sportchilar, xonandalar Rossiya fuqaroligi olishni so‘rashmoqda. De Nirodan u ham bunday yo‘l tutishi ehtimoli bor-yo‘qligini so‘rashganda “Ehtimol, men Rossiya fuqaroligini olishni istarman. Bu murakkab vaziyat, o‘ylab ko‘rish kerak, oldindan hech narsani aytib bo‘lmaydi”, deb aytdi. 

Shuningdek, aktyordan u Rossiya yoshlariga qanday maslahat bergan bo‘lishi mumkinligi haqida so‘rashdi. “Men hammangiz yig‘ilib, to‘g‘ri ishlar bilan shug‘ullanishingizni, barcha bema'nigarchiliklarni ortda qoldirib, dunyoni yaxshiroq qilishingizni istardim. Biz barchamiz bahslar to‘xtashi uchun birlashishimiz, birga ishlashimiz lozim”, deb aytdi De Niro.

De Niro shuningdek, chuchvaralarni yaxshi ko‘rishini, biroq ularni tayyorlashni bilmasligini aytdi. De Nirodan bo‘sh vaqtini restoran biznesidan boshqa yana nimaga bag‘ishlashni istashi haqida so‘rashganda u “Ko‘p narsa bilan shug‘ullanishni istardim, biroq bunga vaqt topishim dargumon”, deb javob berdi.

De Niro hozirda 72 yoshda. Jahon kinosan'atining yetakchi aktyorlaridan hisoblanadi. “Cho‘qintirgan ota”, “Yovuz ko‘chalar”, “Taksichi”, Quturgan ho‘kiz”, “Komediya qiroli”, “Ota-ona bilan tanishish” kabi ko‘plab mashhur filmlarda rollar ijro etgan.

Top