01:55 / 10.11.2015
4679

Sardor Rashidov: “KXDRga gol urish qiyin, deb o‘ylamayman”

“Jamoada kayfiyat juda ko‘taringki. A'lo darajada, desam ham bo‘ladi. Bu raqib bilan alohida hisob-kitobimiz bor va bu o‘yinda Xudo xohlasa g‘alaba qozonamiz. Yagona maqsadimiz ham — shu”, — deya so‘z boshladi Sardor.

Qatar chempionatining sakkiz turida 6ta gol urishga, shu bilan birga ikki bora dubl qayd etishga ulgurgan hujumkor yarim himoyachi muxlislarning tashrifi yaxshi darajada bo‘lishiga umid qilayotganini bildirdi.

“Toshkentga kecha uchib keldim. To‘g‘risi, bu o‘yinga muxlislar tomonidan qiziqish qay darajada ekanidan xabardor emasman. Ammo umid qilamanki shu kuni stadionga ko‘plab muxlislar tashrif buyuradi va Vatanimiz jamoasini qo‘llab-quvvatlab turishadi”.

Milliy terma jamoa sharafini 27 o‘yinda himoya qilib, 10 golga mualliflik qilgan 24 yoshli futbolchi KXDR darvozasini ishg‘ol qilish u qadar mushkul vazifa emasligini ta'kidladi.

“KXDR darvozasiga gol urish qiyin degan gaplarga qo‘shilmayman, rosti. Qiyin emas. Umuman, istalgan raqib darvozasiga gol ursa bo‘ladi. Jamoa bilan birgalikda harakat qilsak, albatta maqsadga erishamiz”.

Shimoliy Koreya terma jamoasining kuchli va ojiz tomonlari haqida to‘xtalar ekan, Sardor shunday dedi:

“KXDR terma jamoasining hujum chizig‘i kuchli deb hisoblayman. Zaif nuqtasi sifatida esa himoyasini ko‘rsatgan bo‘lardim. Menimcha, ularning mudofaasi ko‘p ham kuchli emas”.

Manba : the-uff.com

Top