15:21 / 11.11.2015
34710

“Pasport stoli”: Nobiometrik pasportlarning amal qilish muddati uzaytirilmaydi

Ma'lumki, 2011 yil 5 yanvarda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Unga muvofiq, 2015 yilning oxiriga qadar yurtimizda yangi pasport tizimi joriy etiladigan bo‘ldi.

Mana, belgilangan oxirgi muddatga ham tobora yaqinlashib borayapmiz. Ammo xalq orasida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda nobiometrik pasportlarning amal qilish muddati yana 14 oyga, ya'ni 2016 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirilar ekan, degan mazmundagi turli gap-so‘zlar keng tarqaldi. Shu kabi mish-mishlarning qanchalik asosga ega ekanini aniqlash maqsadida poytaxtimizdagi bir necha “pasport stol”lariga borib, u yerdagi holatni o‘rgandik.

Jumladan, kecha – 10 noyabr kuni Chilonzor tumani IIB Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga bordik. Asosiy darvozadan hovliga kirishimiz bilanoq «Sanoat-qurilish banki» shoxobchasi eshigi oldida navbat kutib turgan 15-20 kishiga ko‘zimiz tushdi. Soat 14dan bir oz o‘tgan, banklar uchun tushlik vaqti boshlanganiga qaramasdan, fuqarolardan biometrik pasport olish uchun to‘lovlar qabul qilinayotgan ekan.

Hujjatlar qabul qilish xonalariga yo‘l olamiz. Bu yerda ham 15-20 kishi qo‘llarida navbat raqami tushirilgan talonlarni ushlagan holda hujjatlarini qabul qilib olishlarini kutishmoqda. Pasporti chiqqanlar esa navbatsiz kirib, ularni olib ketishayapti. Xullas, umumiy holat biz tasavvur qilgandek bo‘lib chiqmadi.
So‘ngra Chilonzor tumani IIB Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimlari bilan uchrashib, mish-mishlarning qanchalik asosga ekanini so‘radik.


“Unday gap yo‘q, ko‘rib turibsiz, odamlar yangi biometrik pasport olish uchun hujjatlarni bir kunning o‘zida rasmiylashtirib ketishayapti, 2015 yilning 31 dekabrigacha barcha biometrik pasport olishga ulgurishi mumkin”, - dedi suhbatdoshimiz. Uning so‘zlarini Kun.uz saytining sohaga aloqador yuqori lavozimli axborot manbasi ham tasdiqlab, nobiometrik pasport olish muddatining uzaytirilishi to‘g‘risidagi xabarlarni inkor qildi.

Top