20:15 / 11.11.2015
2859

2015 yilning 10 oyi davomida Toshkentda o‘t o‘chiruvchilar 20 kishining hayotini saqlab qolishdi

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi joriy yilning 10 oyiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Ishtirokchilarning ta'kidlashicha, aholining yong‘in xavfsizligi qoidalaridan xabardorligini oshirish va yong‘in ro‘y berganda qanday harakat qilishni o‘rgatish maqsadida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlari seminar va o‘quv mashqlari o‘tkazmoqda. Maxsus targ‘ibot avtobusi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Anjumanda qayd etilishicha, 2015 yilning yanvar-noyabr oylarida Toshkent shahridagi yong‘inlar miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘quv muassasalarida ro‘y berish holatlari 27,3 foizga kamaygan, ma'muriy binolar bo‘yicha ko‘rsatkichlar esa 7,3 foizga yaxshilangan. Shuningdek, joriy yilda aholi turar joy binolarida yong‘inlar yuz berishi o‘tgan yildagiga nisbatan 25 foiz kam bo‘lgan. O‘t o‘chirish xizmatlariga mingdan ortiq chaqiruvlar bo‘lgan va turli joylardagi yong‘inlar vaqtida jami 20 kishi qutqarib qolinib, 2 mlrd so‘mdan ortiq hajmdagi moddiy boyliklar saqlab qolingan.

Bundan tashqari, o‘tgan davrda shahardagi to‘qqiz mingdan ziyod obektda yong‘inga qarshi me'yorlarga rioya etilishi tekshirildi. Ularning ayrimlarida aniqlangan kamchiliklarning aksariyati bartaraf etildi va 3 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan ma'muriy jazolar qo‘llanildi. Ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish obektlarida yong‘in xavfsizligi choralariga rioya qilinmayotgani aniqlandi hamda ularning faoliyati vaqtinchalikka to‘xtatildi.

Qayd etish kerakki, qish faslida fuqarolarning isitish moslamalariga bo‘lgan ehtiyoji birmuncha ko‘payishi yong‘in xavfi ortishiga sabab bo‘ladi. Bunday holatning oldini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 noyabrdagi qaroriga muvofiq, joriy yilning 20 noyabridan 20 dekabriga qadar mamlakatimizda Yong‘in xavfsizligi oyligi o‘tkaziladi.

Top