21:51 / 12.11.2015
9269

Bloomberg TV O‘zbekistonning investitsion salohiyati haqida ma'lumot berdi

Bloomberg TV telekanali O‘zbekistonning investitsion va iqtisodiy salohiyati haqidagi videorolikni efirga uzatishni boshladi, deb xabar bermoqda Sputnik nashri.

Videomaterialda O‘zbekistonning boy tarixiy merosi haqida kadrlar taqdim qilingan hamda oxirgi 20 yil ichida mamlakatda erishilgan iqtisodiy va ijtimoiy yutuqlar haqida so‘zlangan. Bundan tashqari, filmda O‘zbekiston dunyoning iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan 5 ta yetakchi davlatidan biri ekanligi ta'kidlab o‘tilgan.

MAN, Huawei, GM Powertrain Uzbekistan va boshqa korxonalar ishlab chiqarish maydonlaridan olingan videoqator tomoshabinga O‘zbekistonda boy xomashyo zaxiralari, malakali mutaxassislarning mavjudligi hamda maqbul investitsion iqlim borligi haqida tushuncha beradi. O‘zbekistondagi maqbul investitsion iqlim ko‘plab global ishlab chiqarish yetakchilarini jalb qilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston haqidagi videoroliklar Yevropa, Amerika va Osiyoning turli telekanallarida ko‘rsatilgan. Xususan, O‘zbekistonning arxitektura yodgorliklari, madaniyati, tarixi va pazandachiligi haqidagi syujyetlar Euronews telekanalida berib boriladi.

Bloomberg TV xalqaro telekanal bo‘lib, ishbilarmonlik va moliyaviy axborot va yangiliklar beriladigan dunyo yetakchisi hisoblanadi. Telekanalning butun dunyo bo‘ylab auditoriyasi 310 mln dan ko‘proq tomoshabinni tashkil qiladi. Telekanalning bosh qarorgohi  Nyu-Yorkda, Yevropadagisi Londonda va Osiyodagisi Gonkongda joylashgan.

Top