20:46 / 12.11.2015
8496

Kim Chang Bok: Mag‘lubiyatimizga muxlislar ham sababchi bo‘lishdi

O‘zbekiston - KXDR uchrashuvidan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Kim Chang Bok ishtirok etdi.

"Bugungi uchrashuvda O‘zbekiston juda yaxshi o‘yin namoyish etdi. Ayniqsa 9 va 11 raqamdagi futbolchilarni alohida ta'kidlagan bo‘lardim. Biz tezkor gol urdik, lekin goldan so‘ng hujumga o‘tish o‘rniga himoyada o‘ynadik. Aynan mana shu tufayli ham mag‘lub bo‘ldik deb o‘ylayman", - deydi murabbiy.

- KXDR yozda ham O‘zbekiston bilan o‘ynagandi. O‘sha uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston qanchalik kuchaydi deb o‘ylaysiz?
- Agar ikkala o‘yinni solishtirsak, tarkibda bir qator yangi futbolchilar bor. Asosiysi bu emas, hozir terma jamoa 90 daqiqa davomida hujum qilish salohiyatiga ega. Hozirgi jamoaning jismoniy tayyorgarligi juda yaxshi.

- Ikkita gol ham tayanch yarim himoyadagi xatolar tufayli o‘tkazildi. Bu joyda boshqa futbolchilar ham bormidi yoki bular eng yaxshilarimi?
- Darhaqiqat o‘yin uchun tuzgan rejamiz boshqacha edi. Asosiy tarkibdagi 3 nafar futbolchi yetarli tayyorgarlik ko‘ra olmadi. Avvaldan o‘ylab qo‘ygan rejamiz amalga oshmadi va biz mag‘lub bo‘ldik.

- O‘yinoldi matbuot anjumanida siz muxlislar ham O‘zbekistonning ustun tomoni degandingiz. Bugungi mag‘lubiyatga muxlislar qanchalik ta'sir qilishdi?
- Stadionga kelgan ishqibozlar muhim faktorlardan biri bo‘ldi. Ammo mag‘lubiyatdagi eng asosiy faktor demagan bo‘lardim. Hali imkoniyatimiz bor, shunday ekan biz kurashishda davom etamiz.

Top