11:24 / 13.11.2015
18283

O‘zbekistonda IShID ishtirokchisi 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

O‘zbekiston Oliy Sudi IShIDning 23 yoshli a'zosi, Xorazm viloyatidan bo‘lgan Muhammad Abdullayevni 13 yillik qamoq jazosiga mahkum qildi. 12news.uz resursining O‘zbekiston Oliy sudiga tayanib yozishicha, Xorazm viloyatida tug‘ilib o‘sgan Abdullayev Astraxandaligida ekstremistlar ta'sir ostiga tushib qolgan.

2013 yil yozida u o‘zbekistonlik bir nechta muhojir bilan tanishib qolib, ular bilan birgalikda masjidga qatnay boshlagan. Ular orasida urganchlik Narimon Safarov bo‘lib, u IShID yollovchisi edi. U turli yo‘llar bilan Abdullayevni o‘z yo‘liga solib, guruh a'zoligiga chaqirgan. Axiyri Abdullayev Suriyaga borish niyatini bildirgan.

2013 yil oktabr oyi boshida Abdullayevni Suriyaga olib ketishini aytgan. U yerda bola oyiga 500 dollar maosh olishi ham va'da qilingan. 24 oktabr kuni ikkovlon Astraxandan Bokuga borishgan, u yerdan esa 27 oktabrda Istanbulga yetib kelishgan. Bu yerda ularni Narimonni taniydigan 2 nafar Tojikiston fuqarosi kutib olgan. Guruh bir amallab Suriyaga o‘tib olib, ekstremistlarga qo‘shilgan.

Sudlanuvchining so‘zlariga qaraganda, qarorgohdagi ahvolni va son-sanoqsiz o‘limlarni ko‘raverib adashganini tushungan. U Ahmed ismli ozarbayjonlik birodari bilan qochib ketgan. Bir yil davomida Abdullayev Kastamonu shahridagi madrasada ta'lim olgan, so‘ng akasining yordami bilan O‘zbekistonga qaytgan.
Sud paytida Abdullayev qilmishidan pushaymon ekanligini aytdi.

Top