01:31 / 13.11.2015
3879

Samsung 2016 yilgi flagman protsessorini taqdim qildi

Samsung’ning smartfonlar uchun eng yangi flagman protsessori Exynos 8 Octa 8890 rasman namoyish qilindi. Protsessor 10 foizga oshgan tejamkorlikda 30 foizlik ishlab chiqarish unumdorligini berishga va'da beradi. Samsung aynan shu protsessorni yangi Galaxy S7 smartfoniga o‘rnatishi taxmin qilinmoqda.

14-nanometrli FinFET texnologik jarayoni yordamida ishlab chiqariluvchi 64 bitli yangi protsessorning o‘zidan avvalgi, Galaxy S6 smartfonida ishlatiluvchi S6 Exynos 7420 protsessoridan bir qator muhim farqlari bor. Bunday farqlardan eng asosiysi – Samsung tomonidan mustaqil ishlab chiqilgan Mongoose yadrosining ishlatilishidir. Bunday yadrolardan protsessorda 4 ta, yana to‘rtta ARM Cortex-A53 yadrosi ishlatilgan.

Samsung’ning ta'kidlashicha, Samsung Coherent Interconnect (SCI) maxsus texnologiyasi hisoblash yadrolarining ikki klasteri o‘rtasida birgalikda samaraliroq ishlashni ta'minlaydi, bu esa 10 foiz energiya tejashga imkon beradi. Bundan tashqari, birinchi marta Samsung protsessorida modem o‘rnatildi. Modem 12/13 toifadagi LTE texnologiyani qo‘llab-quvvatlaydi hamda operator imkoniyat berganda 600 mBit/s tezlikda ma'lumotlar qabul qilishni, 150 mBit/s tezlikda ma'lumotlar yuborishni ta'minlaydi.

Grafikaga ARM tomonidan ishlab chiqilgan Mali T880 tezlashtirgichi javob beradi. U 12 ta yadroga ega. 4K gacha (4096x2160 piksel) ko‘rsatish qobiliyati qo‘llab-quvvatlanadi.

Yangi Exynos 8 Octa 8890 protsessorini keyingi yilning fevralidan oldin sinovdan o‘tkazishning imkoni bo‘lmaydi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Samsung voqealarni jadallashtirmaslikka qaror qildi va o‘zining keyingi Galaxy S7 flagmanini odat bo‘yicha, Barselonada 2016 yilning 22 fevralida ochiladigan MWC (Butunjahon mobil kongressi) ko‘rgazmasidan bir kun avval namoyish qiladi.

Top