11:02 / 14.11.2015
4482

Dubay politsiyasi avtoparki Nyurburgring trassasi rekordchisi Porsche 918 Spyder supergibrid avtomobili bilan to‘ldirildi

Dubay politsiya boshqarmasi Germaniyadagi Nyurburgring poyga trassasida eng katta tezlikka erishgan Porsche 918 Spyder supergibrid avtomobilini oldi. Bu haqda politsiya boshqarmasi tvitterida ma'lum qilindi.

Kupe ko‘rinishidagi avtomobilning 887 ot kuchiga ega gibrid kuch qurilmasi tarkibidan 4,6 litrli 8 silindrli 608 ot kuchiga ega dvigatel, 156 va 129 ot kuchiga erisha oladigan ikkita elektr motor, litiy-ionli batareyalar to‘plami va ikkita ilashishga ega 7 pog‘onali “robot” uzatmalar qutisi o‘rin olgan.

Avtomobilning Weissach sport-paketiga ega varianti 100 km/soat tezlikka 2,6 soniyada, 200 va 300 km/soat tezlikka esa mos ravishda 7,2 va 19,8 soniyada erisha oladi.

2013 yil kuzida nemis kompaniyasining sinovlarni o‘tkazuvchi haydovchisi Mark Lib 20,6 km lik Nyurburgring trassasini ushbu super avtomobilda 6 daqiqa 57 soniyada 179,5 km/coat tezlik bilan bosib o‘tgan. Bu natija “Shimoliy tugun” deb ataluvchi trassaning “fuqarolik” avtomobillari orasidagi rasmiy rekordi hisoblanadi.

Dubay politsiya avtoparkida, shuningdek, Audi R8, Aston Martin One-77, Bentley Continental GT, BMW M6, Bugatti Veyron, Ferrari FF, Ford Mustang, Lamborghini Aventador, McLaren MP4-12C, Mercedes-Benz SL 63 AMG, SLS AMG va G63 AMG, Nissan GT-R va Lexus RC F kabi superkarlari bor.

Top