19:09 / 14.11.2015
8135

MAN O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eksport punktiga aylantirmoqchi

Germaniya Truck & Bus mashinasozlik kompaniyasi Markaziy Osiyo davlatlari bozorlariga o‘z mahsulotlarini chiqarish uchun O‘zbekistonni eksport punktiga aylantirishni rejalashtirmoqda, deb ma'lum qildi kompaniyaning mintaqaviy rahbari Yan Kolmayyer Toshkentdagi forumda.

Kolmayyerning aytishicha, O‘zbekiston bugungi kunda nemis kompaniyasining Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bozorlariga kirish nuqtasi sifatida xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston bugungi kunda MAN mahsulotlari sotiladigan 10 ta yetakchi davlat qatoriga kiradi. Joriy yilda kompaniya Samarqanddagi zavodida 5 minginchi yuk mashinasini ishlab chiqardi va respublikadagi yig‘ish quvvatlarini har yili 3 mingta katta yuk tashuvchi texnika birligiga yetkazdi.

Kolmayyerning fikricha, yaqin oradagi istiqbolda o‘sishning muhim nuqtalari joriy yilda ishga tushirilgan ikkita loyiha bo‘ladi. Bu loyihalar ikki tipdagi avtobus ishlab chiqarilishi va yuk mashinalarini mahalliylashtirish bo‘yicha ishlarni boshlashdan iborat.

Yaqin ikki yil ichida shtampli, metall, plastik va bir qator boshqa detallar hamda yuk mashinasi kabinasini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. 2020 yilning oxiriga O‘zbekistonda kabina ichki va tashqi detallari, kardan val, radiator, yonilg‘i baklari, po‘lat disklar va boshqa butlovchi qismlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Kolmayyerning aytishicha, avtobuslar ishlab chiqarish borasida O‘zbekiston yetakchilardan biriga aylanadi, chunki hozir yangi avtobus – MAN Lion`s CNG sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu avtobus Bus Euro Test ko‘rik tanlovida “2015 yil avtobusi” degan unvonni qo‘lga kiritgan.

Bu turdagi avtobuslarni yig‘ish ishlari Samarqandda boshlanadi. Kompaniya bu bilan to‘xtab qolmoqchi emas: yaqin kelajakda O‘zbekistonda tabiiy gazda harakatlanuchi sayyohlik avtobuslari ishlab chiqarish boshlanadi.

MAN vakilining aytishicha, O‘zbekiston bozori katta salohiyatga ega va nemislar O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyoda o‘z mavqelarini o‘z mahsulotlari lineykasini yanada kengaytirish va maxsus texnika ishlab chiqarish hisobiga mustahkamlamoqchi.

MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonasi “O‘zavtosanoat” AJ va Germaniyaning MAN Nutzfahrzeuge AG kompaniyasi tomonidan 2009 yil avgustda yaratilgan. O‘tgan yili kompaniya turli modifikatsiyalardagi 1245 ta yuk mashinasi ishlab chiqargan, bu yili esa 1250 ta chiqarishni mo‘ljallamoqda.

Top