08:37 / 14.11.2015
10054

OAV: Parijdagi “Bataklan” konsert zali bosqinchilardan ozod etildi, biroq ko‘plab qurbonlar bor

Frantsuz politsiyasi Parijda bosqinchilar tomonidan odamlar garovga olingan “Bataklan” konsert zalini terrorchilardan ozod qilish operatsiyasini yakunladi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.

BFM telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, terrorchilar konsert zalidagi odamlarni otib tashlagan, oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra 112 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab yaralanganlar bor.

Frantsuz OAVlari ma'lumotlariga ko‘ra, konsert zalini shturm qilish yarim soatga yaqin davom etgan. Ikki terrorchi yo‘q qilingan, bir nafari qo‘lga olingan. Zaldan chiqib keta olgan tomoshabinlardan biri zal binosiga 3-4 qurollangan kishi bostirib kirganini aytgan. Ulardan biri odamlarga qarata avtomatdan o‘q uzgan. U bir necha bor qurolini qayta o‘qlagan, aynan shunday paytda ko‘plab tomoshabinlar zaldan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lishgan.

Parijdagi bu terakt bilan deyarli bir vaqtda shaharning bir qator tumanlarida yana bir nechta terakt amalga oshirilgan. Uchta portlash futbol bo‘yicha Fransiya va Germaniya terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgan Stade de France stadioni yonida sodir etilgan. O‘yinga Fransiya prezidenti Fransua Olland tashrif buyurgan edi, u stadiondan zudlik bilan olib chiqib ketilgan. Bundan sal avvalroq yana bir terrorchi Parijning 10-okrugida joylashgan “Le Carillon” restoranidagi mijozlarga Kalashnikov avtomatidan o‘q uzgan.

Shuningdek, Parijning yana bir qator tumanlarida otishmalar yuz bergani haqida ma'lumotlar olindi – noma'lum shaxslar Parijning kamida 6 ta kvartalida odamlarga qarata o‘q uzgan. Hujumlar sodir etilgan deyarli barcha joylar Parijning o‘ng sohilida joylashganligi aytilmoqda.

Top