20:04 / 16.11.2015
8372

“Oq uy” bosh oshpazi O‘zbekistonda master-klasslar o‘tkazmoqda

AQShning obro‘li oshpazlaridan biri Bill Yasses (Bill Yosses) O‘zbekistonda mahorat saboqlarini o‘tkazmoqda. Bu haqda “Turkiston-press” NAA xabar qildi.

Bill Yasses AQSh davlat departamentining 2012 yil start olgan “Culinary Diplomacy” (“Kulinar diplomatiya”) dasturi doirasida 2015 yilning 12-24 noyabr kunlari o‘zbek oshpazlari uchun mahorat darslarini o‘tadi. O‘zbekistonda ilk bor bo‘lib o‘tayotgan master-klasslar AQSh elchixonasi, respublika oshpazlar assotsiatsiyasi va boshqa milliy sheriklar tomonidan tashkil etildi.

Taniqli oshpaz O‘zbekistonda ikki hafta davomida bir qator hududlar, jumladan, Urganch, Xiva, Buxoroga tashrif buyuradi. U nafaqat oshpazlar uchun mahorat darslari o‘tkazadi, balki ta'lim muassasalarida bo‘lg‘usi mutaxassislar bilan ham uchrashadi. Uning master-klasslari Toshkentda boshlandi. Xususan, 16 noyabr kuni “GoldenHill” restoranida O‘zbekiston oshpazlar assotsiatsiyasi tomonidan taklif etilgan yosh oshpazlar bilan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Amerikalik oshpaz 24 noyabr kuni Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonada oshpazlik mahorati to‘g‘risida ma'ruza qilishi rejalashtirilgan. Unda qatnashishni istaganlar taniqli oshpaz sirlaridan boxabar bo‘lishlari mumkin.
Master-klasslarda Bil Yasses nafaqat qandaydir taom yoki shirinlikni tayyorlashni ko‘rsatadi, balki ovqatlar tarixi, qanday mahsulotlardan foydalanish mumkinligi, sog‘lom turmush tarzini qanday olib borish kabi mavzularda ham so‘zlab beradi.

Ma'lumot uchun, Bill Yasses Kichik Jorj Bush va Barak Obama prezidentligi davrida “Oq uy”ning bosh oshpazi lavozimida mehnat qilgan. Yasses AQShning birinchi xonimi Mishel Obamaga sog‘lom ovqatlanish sohasidagi “Let’s move!” (“Keling harakat qilamiz!”) loyihasini amalga oshirishga ko‘maklashgan. U qirolicha Yelizaveta va Rim papasi uchun ham shirinliklar tayyorlagan.

Top