18:38 / 16.11.2015
4855

2016 yilda xotin-qizlar va nogironlarni ishga joylashtirishga alohida e'tibor qaratiladi

16 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar qildi.
Xabarda keltirilishicha, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2016 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi loyihasini muhokama qildilar.
2016 yilda barcha tumanlar va shaharlar bo‘yicha ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlashga buyurtma shakllantirilgan. Shu asosda ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta'minlash ko‘rsatkichlari, birinchi navbatda, kollejlar bitiruvchilarining tegishli soniga muvofiq miqyosda ishlab chiqilgan. Dasturda kichik sanoat zonalarini tashkil etish, ish o‘rinlarini zaxiralash yo‘li bilan ish o‘rinlari yaratish yo‘nalishlari kengaytirilib alohida ajratilgan, shuningdek aholi va yoshlarni, birinchi navbatda, kollejlar bitiruvchilarini ishga joylashtirishning yangi usullaridan foydalanish, kollejlarda tadbirkorlik faoliyatiga tayyorlash bo‘yicha o‘quv-amaliy kurslarni tashkil etish orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish nazarda tutilgan.
Dasturga muvofiq 2016 yilda 992,7 ming kishini ishga joylashtirish nazarda tutilgan. Ularning 511,5 mingi ta'lim muassasalari bitiruvchilaridir. Shuningdek, xotin-qizlar, nogironlar va aholining ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan boshqa toifalarini ishga joylashtirishga alohida e'tibor qaratiladi.

Top