08:58 / 16.11.2015
9065

Singapur menejmentni rivojlantirish institutida O‘zbekiston va Yaponiya universitetlari rektorlari uchrashuvi o‘tkazildi

13 noyabr kuni Yaponiya ta'lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Kixei Maekava rahbarligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida O‘zbekiston va Yaponiya universitetlari rektorlarining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirokidagi mazkur anjumanni fotolavhalar orqali batafsil yoritiladi.

Singapur menejmentni rivojlantirish instituti rektori Jasur Salihov konferensiyani kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, Yaponiya oliy ta'lim muassasalari vakillarini tashrif bilan qutlab, bu kabi yirik xalqaro anjumanlarni o‘tkazish har qanday oliy o‘quv yurti uchun katta sharaf ekanligini alohida ta'kidladi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri Alisher Vaxabov, Yaponiya ta'lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Kixei Maekava, Yaponiyaning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Fumixiko Kato hamda Nagoya universiteti rektori Seiichi Matsuo ham ikki davlat o‘rtasida bir qator sohalarda qo‘yilgan ko‘p yillik hamkorlikni e'tirof etgan holda tabrik nutqlarini so‘zladi.

Tadbirda Oliy ta'lim muassasalari bosh boshqarmasi rahbari Inomjon Majidov tomonidan "O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashning hamda o‘qituvchi-professorlar tarkibi malakasini oshirish tizimining o‘ziga xos xususiyatlari" mavzusida ma'ruza qilindi.

Yaponiya ta'lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi, xalqaro rejalashtirish boshqarmasi direktori Xideto Matsumoto esa "Yaponiyada oliy ta'lim tizimini baynalminallashtirish" mavzusida chiqish qildi.

Marosim so‘nggida O‘zbekiston va Yaponiyaning bir qator oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik va kadrlar almashinuvi bo‘yicha memorandumlar imzolandi.

Sektsiyalar yig‘ilishi davomida mamlakatlarning universitet va institutlari o‘z tizimida tarkib topgan bo‘limlar, fakultetlar va ilmiy faoliyat bo‘yicha taqdimotlarni namoyish etdi. Har bir taqdimotga ajratilgan 10 daqiqadan so‘ng ishtirokchilar qisqa savol-javob bilan muloqot olib borishdi.

Har ikkala seksiyaning birinchi qismida Yaponiya oliy o‘quv yurtlari o‘z taqdimotlarini o‘tkazgan bo‘lishsa, kunning ikkinchi yarmida yurtimiz ta'lim muassasalarining vakillari o‘z faoliyatlari bo‘yicha ma'lumot berish uchun minbarga chiqishdi.

Xalqaro darajadagi anjuman yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Botir Usmonov "O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ta'lim, ilmiy va innovatsion hamkorlikning istiqbollari" bo‘yicha ma'ruza qilgan bo‘lsa, Tsukuba universiteti vitse-prezidenti Benton Karolin Fern o‘z nutqi bilan tadbirni yakunlab berdi.

Top