14:28 / 17.11.2015
4113

Rossiya A321 halokati tashkilotchilari to‘g‘risidagi ma'lumot uchun 50 million dollar mukofot va'da qildi

Rossiya hukumati A321 samolyoti bortida teraktni amalga oshirgan terroristlar to‘g‘risida ma'lumot taqdim etgan shaxslarga 50 million dollar mukofot puli berilishini e'lon qildi, deya xabar bermoqda RIA “Novosti”.

“Federal xavfsizlik xizmati Rossiya va xalqaro jamoatchilikni terroristlar shaxsini aniqlashda hamkorlik qilishga chaqiradi. Jinoyatchilarni qo‘lga olishga imkon tug‘diradigan ma'lumotlarni taqdim etganlik uchun 50 million dollar hajmda mukofot puli taqdim etiladi”, - deya ma'lum qildi FXX.

2015 yilning 31 oktabr kuni Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib halokatga uchragan edi. Mazkur samolyot bortidagi 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosining barchasi halok bo‘ldi.

FXX mazkur falokatga terakt sabab bo‘lganini tasdiqladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin terroristlarni sayyoraning har qanday nuqtasidan bo‘lsa ham topib, jazolashga va'da berdi.

Top