00:56 / 17.11.2015
3224

Rossiya va Ukraina terma jamoalari 2016 yilgi Yevropa chempionati qur'a tashlash jarayonida boshqa-boshqa guruhlarga ajratiladi

Futbol bo‘yicha Rossiya va Ukraina terma jamoalari 2016 yilgi Yevropa chempionati qur'a tashlash jarayonida boshqa-boshqa guruhlarga ajratiladi. Bu haqda TASS axborot agentligi muxbiriga UYeFA matbuot xizmatida ma'lum qilindi.

“Agar Ukraina terma jamoasi Yevropa chempionati final bosqichiga chiqsa, u Rossiya bilan guruh bosqichida o‘ynamaydi, chunki hali ham UYeFA favqulodda qo‘mitasining taqiqlovi mavjud. Biroq Rossiya va Ukraina pley-off bosqichida to‘qnash kelishi mumkin”, deb aytildi xabarda.

Ukraina terma jamoasi 17 noyabrda Yevropa chempionatiga yo‘llanma olish huquqini qo‘lga kiritish uchun Sloveniya bilan javob uchrashuvini o‘tkazadi. Lvovda bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuv ukrainaliklarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Rossiya terma jamoasi esa saralash bosqichida o‘z guruhida 2-o‘rinni egallab, musobaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olgan.

Bundan tashqari, Rossiya va Ukraina qur'a tashlash paytida bitta savatchadan joy olishi mumkin. Bu agar irlandlar pley-off bosqichida Bosniya va Gertsegovina termasini mag‘lub etsa sodir bo‘ladi. Birinchi o‘yin 1:1 hisobi bilan yakunlangan, javob uchrashuvi Dublinda bo‘lib o‘tadi.

Yevropa chempionati final bosqichiga qur'a tashlash marosimi Parijda 12 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

Top