11:02 / 17.11.2015
5236

Yaman prezidenti vataniga qaytib keldi

Yaman prezidenti Abd-Rabbo Mansur Hodiy mamlakatga yana bir bor qaytib keldi.

Reyter nashri xabariga ko‘ra, u mingan samolyot hukumat kuchlari nazorati ostida bo‘lgan Adan aeroportiga qo‘ngan.

U sentabr oyida ham Saudiya Arabistoniga qaytib kelgan, lekin tezda yana qaytib ketishga majbur bo‘lgandi.

Biroz oldinroq, rasmiy Ar-Riyod tez orada Yamandagi fuqaorlar urushi yakunlanishi haqida ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, Yamanda hukumat va isyonchi husiychilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar 2014 yilning avgustidan buyon davom etib kelmoqda. Shu yilning yanvarida husiychilarning "Ansor Alloh" guruhi Yaman poytaxti bo‘lmish Sano shahrini ishg‘ol qilgan va prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyni shahardan haydab chiqargan. Mansur Hodiy Yamandagi ikkinchi yirik shahar Adanga ko‘chib o‘tgan.

Isyonchilar Adanga ham hujum qilishgach, u 25 mart kuni Saudiya Arabistoniga boshpana so‘rab, murojaat qilishga majbur bo‘lgandi.

Shundan keyin, 26 mart kuni uning iltimosiga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Yamanda qonuniy hukumatni tiklash maqsadida isyonchilarga qarshi harbiy amaliyotlarga kirishdi. Ko‘p o‘tmasdan Saudiya Arabistoni boshchilishidagi koalitsiyaga Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Iordaniya, Marokash, Misr va Sudan ham kirdi.

Yamandagi qurolli to‘qnashuvning bir tomonida “Ansor Alloh” shialar harakatidan isyonchi xusiychilar va sobiq prezident Salohga moyil bo‘lgan armiyaning bir qismi, boshqa tomonda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiya kuchlari qo‘llab-quvvatlayotgan, mamlakatdan chiqib ketgan Abd Rabbo Mansur Hodiyning qo‘shinlari ishtirok etmoqda.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar qurbonlari 5 mingdan oshib ketgan.

Top