13:21 / 18.11.2015
30398

OAV: IShID pulni qayerdan olyapti?

Ma'lumki, IShID ayni paytda Buyuk Britaniyaga teng hududlarni nazorat ostiga oldi. Suriya va Iroqda u keng miqyosli urushni bir necha yildan buyon olib bormoqda. Nazorati ostidagi yerlarni bu guruh “xalifalik” deb nomlamoqda. Shu bilan birga, IShID davlat emas, balki harbiy guruh deb hisoblanadi.

Bu guruh mablag‘ni qayerdan olayotgani bilan jurnalistlar qiziqib ko‘rishdi.
Aytilishicha, guruh byudjyetini shakllantirish xayr-ehsonlar muhim o‘rin tutadi. Dastavval Saudiya Arabistoni va Qatardan chiqqan boylar guruh faoliyatini qo‘llab-quvvatlab turgan. Ular IShIDni Bashar Asadga qarshi kurash hamda Suriya sunniylarini asrash yo‘lida pul bilan ta'minlashgan.

Bugungi kunda esa guruh neft yordamida o‘zini moliyalashtiradigan darajaga yetdi. Amerikalik ekspertlarning hisob-kitoblariga qaraganda, 2014 yili guruh har hafta neft eksportidan bir necha mln dollar ishlab topgan, yil oxirida esa umumiy ko‘rsatkich 100 mln dollarni tashkil qilgan. Bu neft kontrabanda yo‘llari bilan Turkiya va Eron orqali Suriya hukumatiga sotilgan.
Bugungi kunda IShIDning neft omborlari aviazarbalarga uchrayotgani bois bu daromad manbai biroz tushkunlikda.

Bundan tashqari, jangarilar odam olib qochishdan ham daromad olishadi. 2014 yilda o‘g‘irlangan odamlar uchun to‘langan tovon pullari guruhga 20 mln dollar keltirgan.
IShID unining nazorati ostidagi hududdagi odamlardan talonchilik va tama yo‘li bilan har oy bir necha mln dollar oladi. Bu hududlarda istiqomat qiluvchi diniy kamchiliklar tegishli soliqqa tortiladi.

Shuningdek, o‘g‘irlangan qizlar va ayollarni jinsiy qullikka sotish jangarilarga mo‘may daromad keltiradi.

Top