19:44 / 18.11.2015
11089

Parij terakti vaqtida ona o‘z o‘g‘lini saqlab qolish uchun yelkasini o‘qlarga tutib bergan

Parij teraktining eng qonli voqealari ro‘y bergan "Bataklan fojiasi" vaqtida yuz bergan yana bir voqea haqida so‘zlab berildi.

The Independent nashriga xabar berishlaricha, "Bataklan" teatriga jangarilar bostirib kirib, odamlarni o‘qqa tutishni boshlagach, teatrga o‘zining 5 yoshli o‘g‘li va 61 yoshli onasi bilan kelgan Elza Delplas qahramonlik ko‘rsatgan. U qirg‘in vaqtida o‘z o‘g‘lini omon saqlash uchun yelkalarini o‘qlar yomg‘iriga tutib bergan.

5 yoshli Lui omon qolgan, uni qutqarishga harakat qilgan onasi va buvisi halok bo‘lgan.
"Elza va uning onasi Patrisiya "Bataklan fojiasi" vaqtida halok bo‘lishdi. Lui qonga belangan onasi bilan shifoxonaga borgan", deya hikoya qiladi Elzaning dugonasi Sixem Sui.

Uning aytishicha, Elza har qanday yomon kunlarda ham yuzida tabassum saqlab qoladigan samimiy va oqko‘ngil inson edi.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr oqshomida Parijda sodir etilgan davomli teraktlar tufayli 129 kishi halok bo‘lgan, 352 kishi jarohatlangan. Shifoxonadagilarning 99 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Top