19:23 / 18.11.2015
11390

Turkiyaga fohishalikka olib ketilgan toshkentlik qiz qo‘shmachidan qochib, O‘zbekistonga qaytib kelishga muvaffaq bo‘ldi

Turkiyaga fohishalikka olib ketilgan toshkentlik qiz qo‘shmachidan qochib, O‘zbekistonga qaytib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.

Aytilishicha, Dilbar Sultonova ismli qiz onasi bilan birgalikda qiyinchilikda yashab kelgani bois Dilorom Parpiyeva ismli ayol bilan tanishib, Turkiyaga ketishni rejalashtirgan. Parpiyeva uning bir boy xonadonda nogiron ayolga qarab, oyiga 3 ming dollar maosh olishini aytgan.

Mahmud ismli erkak Qozog‘iston orqali qizni Turkiyaga olib chiqqan. U yerda Sultonova ko‘plab qizlar turadigan uyga olib kelingan va ularga qo‘shilib fohishalik qilishga majbur etilgan.

Bir muddatdan so‘ng uyda Parpiyevaning yo‘qligidan foydalangan Sultonova uning xonasidan o‘z pasportini topib, u yerdan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Toshkentga qaytib kelgach, qiz tegishli joylarga ariza bilan murojaat qilgan. Natijada Parpiyeva qo‘lga olinib, javobgarlikka tortilgan.

Top