13:49 / 19.11.2015
5592

“Ma'naviy hayot” jurnalida Kofi Annanning Nobel ma'ruzasi e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan tashkil topgan “Ma'naviy hayot” jurnalining yangi soni nashrdan chiqdi. Jurnal sahifalarida dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarish va evrilishlarning joriy hayotimizga aloqasi, ta'siri, fuqarolarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish jarayoni haqida so‘z yuritiladi. Bundan tashqari madaniy-ma'naviy hayotimizda sodir bo‘layotgan yangilik va o‘zgarishlar qalamga olingan. Jurnalda bosh maqola sifatida Farmon Toshevnig “Burgutlar balandlab uchadi” nomli essesi chop etilgan bo‘lib, unda muzaffar yillarning shukuhli onlari haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, jurnalist Shahnoza Rofiyevaning “Orzular ushaladigan maydonda...” nomli maqolasida Samarqandda bo‘lib o‘tgan musiqa va san'at ayyomi taassurotlari, xorijlik san'atkorlarning e'tiroflari o‘rin olgan.
Jurnalist Nurilla Narzullayevning atoqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev bilan suhbatida teatr odamlarining qalb dunyosi, kechinmalari tahlil qilinadi. “Ona zamin va odamlar” ruknida suratkash Rustam Shagayevning turkum fotaasarlari chop etilgan. Behzod Qobulovning “Oydin ko‘chalar” nomli ocherkida esa Farg‘ona vodiysiga safar taassurotlari o‘rtoqlashiladi.
O‘rta asr Sharq mutafakkirlarining mantiq ilmiga doir merosiga bag‘ishlangan turkum maqolalar “Olam va odam mantig‘i” nomli umumiy sarlavha ostida e'lon qilingan. Bunda Forobiy, ibn Sino va al Farg‘oniyning merosi bugungi zamon muammolari bilan bog‘lab tadqiq etiladi. Xususan, odamlarni turli g‘oya va mafkuralarga serta'sir vositalar orqali ergashtirish urfga kirayotgan bir paytda Forobiyning ishontirish mantig‘i haqidagi mulohazalari yordamga keladi.
Ustoz jurnalist Musulmon Nomozning “Timsollar dunyosiga sayohat” nomli maqolasi O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur ijodiga bag‘ishlangan. Maqolada musavvirning serma'no, timsollarga boy asarlari tahlil etiladi.
“Abulma'oniy tavajjuhlari” nomli maqolada faylasuf Ja'far Xolmo‘minovning Mirzo Bedil ta'limoti haqidagi mulohazalari bayon etiladi. “Hayotni o‘zgartirgan nutqlar” ruknida BMT ning yettinchi bosh kotibi (1997-2006) Kofi Annanning Nobel ma'ruzasi chop etilgan bo‘lib, 2001 yil 10 dekabrda so‘zlangan bu nutq mohiyat-e'tibori bilan dunyoning bugungi manzarasiga chambarchas bog‘liqdir.
Atoqli san'atkor, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tatariston, Turkmaniston xalq artisti Komiljon Otaniyozov haqidagi “So‘z va soz soz tushganda” deya nomlangan maqolada hofizning qalb bisoti, o‘lmas merosi bugungi kun o‘zbek musiqa san'ati muammolari bilan qiyoslash asnosida tahlil qilinadi.
Jurnal sahifalarida, shuningdek, Qulmon Ochilning “Adras kiygan qiz”, Shahina Nizomiddinovaning “Iltimos, ichmang, dada!” deb nomlangan qiziqarli esse va lavhalarini o‘qish mumkin.

Top