08:03 / 19.11.2015
16366

Nursulton Nazarboyev keksa amaldorlarga: barchani 25 yil ushlab turdik, endi ketish vaqti keldi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Qozog‘iston Respublikasida davlat xizmati to‘g‘risidagi” qonunga taqiqlov qo‘ydi, deb xabar bermoqda “Novosti-Kazaxstan” axborot agentligi.  

“Bugun men davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunga taqiqlov qo‘ydim va uni parlamentga ko‘rib chiqish uchun qaytaraman va mening o‘zgartirishlarimni ko‘rib chiqishni so‘rayman. Davlat xizmatchilarining pensiya yoshiga yetishi bilan pensiyaga chiqishlari bo‘yicha aniq pozitsiyani belgilash kerak. Yetar, hammani 25 yil ushlab turdik, ketish kerakligini aytdik. Barchaning pensiyaga ketishi bo‘yicha aniq muddat bor. Sovet paytida 2-3 yilda qo‘yib yuborishsa, hamma xursand bo‘lib ketardi. Hozir esa hech kim ketishni istamaydi”, deb aytdi Nursulton Nazarboyev hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida.   

“Pensiyaga ketish bo‘yicha aniq muddat bor va Qozog‘istonda qancha odam pensiyadan keyin ishlayotganini bilaman. Bu siyosiy davlat xizmatchilariga ham tegishli bo‘lishi kerak. Yagona istisno shu bo‘lishi mumkinki, biz qonunda prezident tomonidan tayinlanadigan siyosiy xizmatchilar lavozimlari uchun prezident o‘z istagiga ko‘ra pensiyaga chiqish muddatini 1 yildan 5 yilgacha uzaytirishi mumkinligini ko‘zda tutishni so‘ramoqdamiz. Balki uzaytirmasligi ham mumkin”, deb qo‘shimcha qildi Nazarboyev.

“Qozog‘iston Respublikasida davlat xizmati to‘g‘risidagi” qonun 22 oktabrda parlament tomonidan qabul qilindi. Qonunning asosiy maqsadi davlat xizmatiga ishga kirish, uni o‘tish va tugatish bo‘yicha ijtimoiy aloqalarni tartibga solishdan iborat. Qonun davlat xizmati tamoyillari, Qozog‘iston davlat xizmatchilarining huquqiy holati va mavqei, davlat xizmatiga kirish shartlari va uni o‘tish tartibini belgilaydi.

Top