19:25 / 19.11.2015
7023

OAV: Ozodbek Nazarbekov muxlislari orasidan iste'dodlarni qidirmoqda

Bugungi kunda deyarli barcha san'atkorlarning o‘ziga yarasha muxlislar jamoasi shakllanib qolgan. Ko‘pchilik xonandalar ularni fan-klublarga birlashtirmoqda. Bunday fan-klublar O‘zbekistoning ko‘pgina san'atkorlarida ham bor. Ammo O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov fan-klubi a'zolari bilan yanada yaqinroq munosabatda bo‘lishga harakat qilmoqda.

Fan-klubning Facebook’dagi sahifasida aks etgan suratlardan ma'lum bo‘lishicha, Nazarbekov o‘z ijodi davomida yangi iste'dodlarni kashf qilish va qo‘llab-quvvatlashga katta e'tibor bermoqda. Jumladan, fan-klub a'zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda talablarga binoan “Intizorim” taronasi fan-klubning 6 yillik a'zosi, yangi sozanda bilan ijro etildi. Fan-klubning eng kichik a'zosi, Fazliddin ismli bolakay ham san'atkorning qo‘shiqlaridan kuylab berdi.

Ta'kidlanishicha, san'atkor ushbu tadbirda ishtirok etgan 100 nafar muxlisining har biriga e'tibor qaratdi.

“Xalq artisti, boshqa ijodkorlardan farqli o‘laroq, o‘z fan-klubi a'zolari orasida ijodga, san'atga alohida ishtiyoqi va iqtidori bor bo‘lgan yoshlarga e'tibor qaratadi. Ularning san'at sohasida o‘z o‘rnini topishi uchun ko‘rsatmalar beradi. Bu borada boshqalar Ozodbek Nazarbekovdan o‘rnak olsa arziydi. Shuningdek, xalq artistining bunday yondashuvi yosh ijodkorlar orasida estrada yo‘nalishi bo‘yicha yangi-yangi yulduzlarni kashf etish uchun xizmat qilishi shubhasiz”, - deb xulosa qiladi “Darakchi” muxbiri.

Top