13:23 / 19.11.2015
4751

Qozog‘istonda Rossiyaning bir qator mashhur telekanallari translyatsiyasi to‘xtatilishi mumkin

Qozog‘istonning “Teleradiouzatish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish kirituvchi yangi me'yor davlat rahbari tomonidan imzolangan bo‘lib, u 2016 yil 1 yanvaridan kuchga kiradi.

Qonunning 34-moddasiga ko‘ra, chet el kanallaridan retranslyatsiya qilish chog‘ida Qozog‘iston teleuzatish operatorlari “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq kelmaydigan reklamaning tarqatilishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. 1 yanvardan esa har qanday reklamani ko‘rsatish taqiqlanadi.

“Ya'ni, yo reklamani kesishimiz, yo chet el kanallari retranslyatsiyasidan mutlaqo voz kechishimiz lozim. Chunki kesish uskunasi har bir kanal uchun 1-1.5 mln tangaga tushadi. Operatorning o‘rtacha xarajatlari 60 mln tangani tashkil qiladi”, - dedi “Qustanay kabel tarmoqlari” MChB direktori Aleksey Gerdt Qostanay TV kanaliga bergan intervyusida.

Ammo bunday xarajatlar ham barcha muammolarni hal qilib bermaydi. Axir Qozog‘iston qonunchiligiga binoan birovning manfaatlarini ifoda etuvchi har qanday material reklama hisoblanadi. Shu tariqa, anonslar, ko‘rsatuvlarning kattagina qismi reklama sifatida baholanishi mumkin. Bunday axborotni avtomatik yo‘q qilishning texnik usullari hozircha o‘ylab topilgan emas.

Qonun operatorlarning fikri inobatga olinmagan holda tayyorlangani aytilmoqda.

Top