14:05 / 19.11.2015
18631

Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun qo‘yilgan taqiqni qanday bekor qilish mumkin?

Rossiya Federatsiyasiga kirish uchun taqiq (zapret na v'yezd), deportatsiya (majburiy chiqarib yuborish), mamlakatdan ma'muriy chiqarib yuborishni (administrativnoye vydvoreniye-sud qaroriga ko‘ra mamlakatdan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish holati) bekor qilish ishlari ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi:

1. Sizga nisbatan noqonuniy yoki asossiz taqiq qo‘yilishi, deportatsiya, mamlakatdan ma'muriy chiqarib yuborish chorasi ko‘rilishi, sizga nisbatan xatolikka yo‘l qo‘yilishi yoki siz haqingizda noto‘g‘ri ma'lumotlarga ega bo‘lish (chegarani kesib o‘tish, mehnat faoliyati, yashash muddatining uzaytirilishi bilan bog‘liq ma'lumotlar) oqibatida yuzaga kelishi mumkin.
Taqiqni bekor qilish uchun siz tomondan hujjatlarni yoki siz qonun bo‘yicha ish qilganingizni tasdiqlovchi ma'lumotlarni taqdim etish zarur.

2. Taqiqning bekor qilinishi turli qonunchilik aktlarida ko‘zda tutilgan bir yoki bir necha asoslarga tayanilgan holda amalga oshiriladi:

  • *RF hududida yashayotgan yaqin qarindoshlarning mavjudligi. Ularga qonuniy nikohdan o‘tgan er-xotin, farzandlar (o‘z farzandi yoki boqib olingan farzand), ota-ona, aka-uka va bobo-buvilar kiradi;
  • *Tog‘a, xola, amaki, amma, jiyan va ularning farzandlari yaqin qarindoshlar safiga kirmasligiga e'tibor bering!
  • *Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini yuritishga doir hujjatlar mavjudligi (amaldagi patent, ishga ruxsatnoma ko‘zda tutiladi);
  • *Vaqtincha yashashga ruxsatnoma (RVP) yoki FMX tomonidan mazkur hujjat olish uchun yozilgan arizaning qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat, shuningdek, RF da yashashga ruxsatnomaning (Vid na jitelstvo) mavjudligi;
  • *RF oliy yoki o‘rta maxsus ta'lim dargohlarida o‘qish. Ta'lim dargohi xususiy bo‘lishi mumkin, biroq davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan bo‘lishi kerak;
  • *RF dagi tibbiy muassasalarida davolanish holati yoki tibbiy hulosaga ko‘ra kelajakda davolanish zaruriyati;
  • *Jazoning o‘ta og‘irligi holati. Ayrim holatlarda chet el fuqarosiga nisbatan qo‘llanilgan taqiq, deportatsiya yoki mamlakatdan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish chorasi yuqorida keltirilgan sabablardan tashqari ham bekor qilinishi mumkin. Buning uchun fuqaro o‘sha jazo qo‘yilishiga sabab bo‘lgan huquqbuzarlikdan boshqa hollarda qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymagan bo‘lishi kerak.

Diqqat: Kirishga qo‘yilgan taqiqning bekor qilinishi (olib tashlanishi) uchun yuqorida keltirilgan asoslar hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim! Davlat organlari va sud faqat tayyor hujjatlar asosida ish yuritadilar va ular kerakli ma'lumotlarni yig‘ish bilan shug‘ullanmaydilar!

Kirishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish uchun sud yoki boshqa organlarga murojaat qilish uchun yana nimalarni bilish lozim?

1. 2015 yil sentabridan boshlab FMX yoki boshqa davlat muassasalari bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha chet el fuqarosi nomidan sudga faqat oliy yuridik ma'lumotga ega shaxs murojaat etishi mumkin. Buning uchun yurist nomiga rus tilida ishonchnoma tuziladi. Ishonchnomada uning o‘zga shaxsga ishonchnoma o‘tkazish huquqi bilan tuzilganligi qayd etilishi lozim. Bu holatda qarindosh-urug‘ingiz kerak paytda ishonchnomani boshqa kerakli huquqshunos nomiga rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘ladi.
2. Sud yoki boshqa organlarda huquqingizni himoya qilmoqchi bo‘lgan huquqshunos chet el fuqarosining RF dagi migratsiya tarixi bilan tanishib chiqishi lozim. Odatda FMX ma'lumotlar bazasidan ko‘rsatmalar so‘raladi. Faqat shundan so‘nggina huquqshunos kirishga taqiq, deportatsiya va mamlakatdan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish chorasini bekor qilishga asos borligini aniqlaydi.

3. Chegarani kesib o‘tish, vaqtincha yashash va RF da mehnat faoliyatini yuritishga doir (migratsiya kartasi, pasportning barcha betlari nusxalari, registratsiya, ishga ruxsatnoma, patent, patent to‘lovlari va boshqa) barcha (eski va hozirgi) hujjatlarning nusxalari bo‘lishi shart.

4. Mamlakatdan ma'muriy tarzda chiqarib yuborish chorasining bekor qilinishi uchun sud qarorining nusxasi zarur.

5. RF dan tashqarida berilgan barcha hujjatlar (yurist nomiga tuzilgan ishonchnomadan tashqari), ularning qaysi tilda berilganidan qat'i nazar (hattoki ular rus tilida yozilgan bo‘lsa ham) rossiyalik tarjimon va notarius tomonidan notarial tasdiqlangan bo‘lishi lozim.

6. Kirishga taqiq yoki deportatsiya qarorini bekor qilish uchun chet el fuqarosi bu haqda ma'lumot olgandan so‘ng uch oy muddatida sudga murojaat qilishi mumkin.

Botirjon Shermatov, yurist – maslahatchi, “LeksMobayl” MChJ rahbari. Manba: uzbegim.info

Top