17:55 / 20.11.2015
9040

Ronaldu o‘zi haqidagi filmda Irina Sheyk nega ko‘rinmaganini izohladi

“Real” hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘zi haqida yaratilgan yangi hujjatli filmda sobiq mahbubasi Irina Sheyk haqida so‘z yuritilmaganiga izoh berib o‘tdi.

“Hayotda omadli vaqtlar bilan birgalikda ishing yurishmagan davrlar ham bo‘ladi. Shuningdek, u qadar muhim o‘ringa ega bo‘lmagan pallalar hamda o‘tkinchi hissiyotlar ham uchraydi”, – deydi portugaliyalik futbolchi Ecuavisa nashriga bergan intervyusida.

Sheykning filmda yo‘qligini kartina rejissyorlaridan biri Entoni Vonke ham izoh bergan.

“U ko‘rinish bergan bir necha sahnalarni suratga olgandik va hatto Irina bilan birga tushlik ham qildik... Ammo film juda qisqa va bu sahnalar filmdan o‘rin olmadi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2010 yildan beri rossiyalik top-model Irina Sheyk bilan uchrashib yurgan Ronaldu u bilan shu yilning yanvar oyida aloqani uzgandi.

Ronalduning futbolchilik faoliyati va shaxsiy hayoti tasvirlangan hujjatli film taqdimoti 11 noyabr kuni London shahrida o‘tkazildi.

Ushbu film tayyor bo‘lishi uchun 14 oy vaqt sarflandi.

Bundan oldinroq, Krishtianu Ronaldu bir necha ayollar bilan uchrashayotgani, lekin hali hech bir tanlov amalga oshirmaganini aytib o‘tgandi.

Top