16:37 / 20.11.2015
17829

Sergey Putin “Yedinaya Rossiya” yig‘ilishida vafot etdi

Rossiyaning “Yedinaya Rossiya” partiyasining Buryatiya poytaxti Ulan-Udedagi birlamchi bo‘limi kotibi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan familiyadosh bo‘lgan Sergey Putin partiya yig‘ilishi bo‘layotgan paytda infarktdan vafot etdi.

Sergey Putin o‘qituvchi bo‘lib ishlagan va “Yedinaya Rossiya”ning Ulan-Udedagi bo‘limiga yetakchilik qilgan. Ta'kidlanishicha, bu marhumda ikkinchi infarkt bo‘lgan.

Rossiya prezidentining familiyadoshlari muntazam ravishda yangiliklarda nomlari yangrab turadi. 2015 yilning may oyida Putinning yana bir familiyadoshi, Xanti-Mansiysk muxtor okrugi vitse-gubernatori Aleksey Putin daryo bo‘ylab sayr paytida o‘zining hamkasbi, gubernator ma'muriyati rahbari Vitaliy Yermoshinni qutqaraman deb o‘zi cho‘kib ketishiga bir baxya qolgan. Yermoshin baxtga qarshi cho‘kib ketgan, Putinning o‘zini esa zo‘rg‘a qutqarib qolishgan.

2014 yilda huquq-tartibot muassasalari xodimlari Chelyabinsk viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Sergey Putinga 1,5 mln rubl pora olganlik ayblovini qo‘ygan edilar.

Manba: tjournal.ru

Top