13:04 / 20.11.2015
6656

Telegraph: IShID jangarilari tinch aholi vakillaridan "jonli qalqon" sifatida foydalanmoqda

IShID jangarilari Suriya va Iroqda Buyuk Britaniya tomonidan berilayotgan havo zarbalaridan himoyalanish maqsadida tinch aholi vakillaridan "jonli qalqon" sifatida foydalanmoqda. Bu haqda The Telegraph gazetasi xabar tarqatgan.

Maqolada aytilishicha, jangarilar tinch aholi vakillari yashaydigan uylarga yashirinishmoqda.

Maqola muallifining qayd etishicha, bu haqdagi ma'lumot Buyuk Britaniya Qurolli kuchlariga tegishli dronlar orqali qo‘lga kiritilgan. Ma'lum bo‘lishicha, britaniyaliklar samolyotlari bir necha haftadan buyon jangarilarning nuqtalarini o‘qqa tutmoqda.

"Biz nishonlarni aholi turar joylariga kirib chiqqunicha kutib turamiz. Ular uylardan chiqib, yo‘lga tushganlarida dronlar orqali kuzatishni boshlaymiz", degan harbiy manbalardan biri.

Yilning birinchi yarmida Buyuk Britaniya Iroqda 155 marta havo hujumini amalga oshirgan hamda jangarilarga qarshi amaliyot vaqtida Iroq armiyasi hamda kurd bo‘linmalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 4 marta bomba tashlagan.

Top