08:32 / 21.11.2015
4476

Belgiya poytaxtida terakt xavfining eng yuqori darajasi e'lon qilindi

Belgiya hukumati mamlakat poytaxti Bryussel shahrida terakt sodir etilishining yuqori darajali ehtimolidan ogohlantirdi. Bu haqda BNO News xabar tarqatgan.

"Bu shahar hududida terror sodir etilishi ehtimoli juda yuqori ekanini anglatadi. Terakt tahdidi darajasi to‘rtinchi darajaga yetgan. Shaharda Parij teraktiga aloqador shaxslarni qidirish ishlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.

Qayd etish kerakki, Parijdagi terakt tufayli Belgiyaning 2 nafar fuqarosi halok bo‘lgan.

20 noyabr kuni Belgiya hukumati Parijdagi teraktga aloqadorligi gumon qilingan bir shaxsni qo‘lga olgandi. Uning ismi aniq aytilmagan.

DH.be nashri xabariga ko‘ra, huquq tartibot organlari xodimlari juma kuni marokashlik 39 yoshli A.Lazizni qo‘lga tushirishgan. U teraktninga asosiy tashkilotchisi va ayni vaqtda qidirilishi davom etayotgan Saloh Abdislomga yordam berganlikda ayblanmoqda. Uning Citroen rusumli mashinasida qon izlari va qurol topilgan. A.Laziz Saloh Abdislomni 14 noyabr kunidan keyin ko‘rmaganini ta'kidlagan.

Belgiya politsiyasi shu vaqtgacha Parij teraktiga aloqadorligi bo‘yicha o‘nlab gumondorlarni qo‘lga olgan.

Eslatib o‘tamiz 13 noyabr kuni Parijda davomli teraktlar sodir etildi. Dastlab, "Stad de Frans" stadioni oldida portlash, so‘ng Sena daryosi bo‘yidagi kafelar mijozlariga o‘t ochish, shuningdek "Bataklan" teatrida odamlarni qirg‘in qilish orqali amalga oshirilgan bu terakt natijasida 130 nafar kishi halok bo‘lgan, shifoxonalarga jarohatlangan 351 kishi olib borilgan.

Top