18:28 / 21.11.2015
2661

BMT Bosh kotibi muhojirlar bilan bog‘liq inqirozga javob berish rejasini taqdim qildi

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 20 noyabrda BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida o‘zining muhojirlar va qochqinlar bilan bog‘liq inqirozga javob berish rejasini taqdim qildi. U “javob berishning 5 ta ustuvor sohasini” sanab o‘tdi hamda yaqin orada o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida ma'lumot berdi. Ulardan biri Nyu-Yorkda 2016 yil sentabrda muhojirlar bo‘yicha sammit bo‘lishi kerak. 

Pan Gi Munning aytishicha, xalqaro hamjamiyat birinchi navbatda qochqinlar inqirozining sabablarini bartaraf etishi kerak, ulardan eng asosiysi Suriyadagi urush hisoblanadi.

Ikkinchidan, migratsiyaning yirik oqimlarini samarali boshqarish lozim. Pan Gi Munning aytishicha, qochqinlar uchun xavfsiz va qonuniy yo‘nalishlarni tashkillashtirish muhojirlar ortidan foyda ko‘ruvchi va ularni xavfga qo‘yuvchi jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yadi.

Uchinchidan, inson huquqlarini himoya qilish kerak. Bosh kotibning aytishicha, bu ayniqsa “ksenofobiya va tahqirlash o‘sishi oldida” juda muhimdir, hozirda bu illatlarga qochqin va muhojirlar, ayniqsa musulmonlar duch kelmoqdalar.

To‘rtinchidan, gumanitar operatsiyalarni moliyalashtirishni oshirish lozim. Bosh kotibning ta'kidlashicha, bugungi kunda odamlarning ehtiyojlari BMT va uning hamkorlari ega bo‘lgan zaxiralardan ancha ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Beshinchidan, migratsiya muammolarini hal qilishda “global yondashuvni” ishlab chiqish va amaliyotga qo‘llash zarur. “Hech qaysi bir davlat o‘z tabiati bo‘yicha xalqaro bo‘lgan muammoni bir o‘zi hal qila olmaydi”, deb ta'kidlab o‘tdi Pan Gi Mun. Bosh kotibning aytishicha, BMT o‘z sa'y-harakatlarini Afrika ittifoqi, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASeAN), Yevropa Ittifoqi va Islom hamkorligi tashkiloti bilan hamkorlikka quradi.

BMT Bosh kotibining ma'lum qilishicha, yaqin oylarda Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta kuzatilayotgan, muhojirlar bilan bog‘liq eng yirik inqirozni hal qilishga yordam beruvchi bir qator anjuman va forumlar rejalashtirilgan.
Bunday tadbirlardan birinchisi 2016 yil 4 fevralda Londonda bo‘lib o‘tadi va Suriyadagi gumanitar vaziyatga bag‘ishlangan anjuman bo‘ladi.

Bir oydan keyin muhojirlarni joylash masalalari bo‘yicha yana bitta anjuman bo‘lib o‘tadi.

May oyi oxirida Istanbulda birinchi Butunjahon gumanitar sammiti bo‘lib o‘tadi, unda gumanitar operatsiyalarni moliyalashtirish masalalari hal qilinadi.

Bundan tashqari, BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida sentabrda migratsiya bo‘yicha sammit bo‘lib o‘tadi.

Top