10:07 / 21.11.2015
17695

O‘zbekiston ko‘proq hajmda uran va oltin qazib olishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston tog‘-kon faoliyatini faollashtirib, xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlamoqchi. O‘zbekiston barcha e'tiborini oltin, uran va mis qazib olishga qaratadi va shu maqsadda xorijiy investitsiyalarni izlamoqda. Joriy yilda qo‘shma korxonalar tashkil qilish uchun 540 ta kondan foydalanishga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston katta hajmdagi foydali qazilmalar zaxiralariga ega. 2015 yil boshidagi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 1838 ta turli kon ishlamoqda.

Tabiiy gaz zaxiralaridan keyin jahon bozori uchun o‘zbek urani va oltini eng qimmatli tabiiy boyliklar hisoblanadi.

World Nuclear Association ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2013 yilda uran ishlab chiqarish bo‘yicha jahon bo‘yicha 7-o‘rinni, World Gold Council reytingi bo‘yicha esa oltin qazib oluvchi davlatlar o‘rtasida 2014 yilda 12-o‘rinni egallagan.

O‘zbekistonda tog‘-kon sanoatida Olmaliq va Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatlari eng yirik korxonalar hisoblanadi. Bu kombinatlarda uran, oltin va mis olinadi.

Bugungi kunda Navoiy TMK 20 kondan uran oladi, yana 10 ta kon istiqbolli hisoblanadi. Uran ekologik toza usullar bilan olinmoqda.

O‘zbekistonda uran olinishi oxirgi 10 y il ichida 50 foizga oshdi va 2014 yilda 3400 tonnani tashkil qildi. Yaqin 5 yil ichida yangi uran konlari ishga tushiriladi.

Mamlakatda oltin olinishi ham yuqori darajada bo‘lib, yaqin orada Pistali va O‘rtaliq oltin konlarida ishlar boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu konlarning zaxiralari bir necha o‘n tonna oltinni tashkil qiladi.

Hammasi bo‘lib O‘zbekistonda 60 ta oltin koni ishlamoqda. O‘tgan yili mamlakatda 83 tonna oltin qazib olingan. O‘sish 2013 yilga nisbatan 4 foizni va 1991 yilga nisbatan 40 foizni tashkil qilgan.

O‘zbekiston qazilma boyliklarni olishda xorijiy investorlarni izlamoqda. Toshkentda 5-6 noyabrlarda bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsiya anjumanida o‘zbekistonlik amaldorlar xorijiy mehmonlar bilan bu masalani muhokama qilishdi.
O‘zbekistonda foydalanish uchun ruxsat berilgan 540 ta kon ichida qimmatbaho toshlar va ma'danlar, tog‘ rudasi va kimyoviy xomashyolar konlari mavjud bo‘lib, investorlar nafaqat qazilma boyliklarni olishlari, balki butun ishlab chiqarish majmuasini tashkil qilish, ya'ni kon oldida xomashyoni qayta ishlash va ishlab chiqarish zavodlarini barpo etishlari mumkin.

Top