19:04 / 21.11.2015
6024

Siyosatshunos: Yevropaning AQShdan bog‘liqligi uni IShIDga qarshi kurash oldida nochor ahvolga solmoqda

Parij teraktlaridan keyin Fransiyaning IShID jangarilari pozitsiyalariga bergan aviazarbalari faqatgina ramziy ko‘rinishga ega bo‘lmoqda, bu orada jangarilar tomonidan solingan bunday tahdid Yevropa davlatlari tomonidan kattaroq ko‘lamdagi javobni talab qiladi, deb hisoblamoqda Karnegi-Yevropa markazi direktori Yan Texau.

Espertning fikricha, jiddiy harbiy operatsiya faqatgina Suriyada yer usti operatsiyalarini o‘tkazishga qarshi chiqayotgan AQSh bilan birgalikda amalga oshirilishi mumkin. Yevropaliklar hali ham amerikaliklar ularga yordamga kelishlarini kutishmoqda. Agar AQSh o‘z zimmasiga bunday majburiyatlarni olishni istamasa, unda Yevropa falajlanib qoladi.

Texauning fikricha yana bir muammo shundaki, Yevropada Yaqin Sharqda harbiy vositalar bilan hal qilish kerak bo‘lgan maqsad va vazifalar haqida kontseptual fikr mavjud emas. “Yevropada hech kim urushni boshlab erishish kerak bo‘lgan siyosiy maqsadlarni belgilay olmaydi. Siyosiy vazifalarni qo‘ymasdan harbiy kampaniyani boshlashdan ma'no yo‘q – operatsiyalar cho‘zilib ketib, uni boshlaganlarning o‘ziga qarshi zarba beradi. Siyosiy loyiha va harbiy qudratsiz kuchli tashqi siyosat bo‘lishi mumkin emas, shuning uchun Yevropa siyosiy yetakchilari ko‘targan shov-shuv hech qanday foyda bermaydi”, deb hisoblamoqda Texau.

Natijada yevropaliklar Yaqin Sharqda uzoq vaqtdan beri qilib kelgan ishlarini yana davom ettiradilar, ya'ni AQShning javobini kutadilar. Yevropa tashqi siyosati AQShsiz nochor ahvoldadir: Bryussel Suriyadagi tinchlik jarayoni bo‘yicha Vena muzokaralarida Vashingtonning diplomatik yetakchiligiga tayangan va AQSh ixtilofni hal qilish uchun harbiy aralashuv lozim deb topsa, Bryussel unda bunga ham amal qiladi.

Ekspertning fikricha, bunday bog‘liqlik Yevropa uchun juda xavflidir. Birinchidan, birovning injiqliklaridan bog‘liq bo‘lish doimo noqulaydir, ikkinchidan, yevropaliklarda Vashington tanlagan yo‘ldan borishdan boshqa tanlov bo‘lmaydi, hattoki bu Iroqda bo‘lgani kabi fojiaga olib borsa ham.

“Balandparvoz gaplar Yevropaning Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatini faolroq qila olmaydi, buning uchun ularda siyosiy sarmoya ham, strategik maqsad ham yo‘q. Qit'aning siyosiy yetakchilari Parij teraktlaridan keyin shov-shuv ko‘tarib, juda ayanchli ko‘rinmoqdalar”, deb aytmoqda Texau.

Top