00:46 / 22.11.2015
10164

“Barselona” “Real”ni mehmonda yirik hisobda tor-mor etdi va undan 6 ochkoga ildamlab ketdi

Ispaniya chempionatining 12-turida azaliy raqiblar “Real” va “Barselona” o‘rtasida navbatdagi “el-klasiko” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv madridliklarning uy maydoni “Santyago Bernabeu”da bo‘lib o‘tdi va maydon egalarining 0:4 hisobidagi yirik mag‘lubiyati bilan tugadi.

Uchrashuvning 11-daqiqasida Luis Suares hisobni ochdi. 1-bo‘limning oxirida Neymar hisobni 0:2 ko‘rinishiga keltirdi. 2-bo‘lim boshlangandan biroz o‘tib Andres Inesta “Real” darvozasiga 3-to‘pni kiritdi. 74-daqiqada tinib-tinchimas Suares uchrashuvdagi 2-to‘pini kiritdi va dubl qayd qildi.

Uchrashuvning 84-daqiqasida “Real” o‘yinchisi Isko maydondan chetlatildi.

Shuni qayd etish joizki, uchrashuvning 57-daqiqasida Lionel Messi 26 sentabrdan beri birinchi marta maydonga tushdi. Futbolchi 26 sentabrda “Las-Palmas”ga qarshi uchrashuvda jarohat olib, 10-daqiqada almashtirilgan edi. Messi faoliyatida birinchi marta “Real”ga qarshi uchrashuvni dastlabki daqiqalardan boshlamadi.

Ayni paytda “Barsa” 30 ochko bilan chempionatda yetakchilik qilmoqda, “Real” esa bu mag‘lubiyati evaziga undan 6 ochko ortda qolgan holda, 2-o‘rinni egallamoqda.

Shu tariqa, bu uchrashuv ikki jamoaning Ispaniya chempionatlaridagi   171-uchrashuvi bo‘ldi. 71 ta o‘yinda "Real", 68 ta o‘yinda "Barsa" zafar quchgan, 32 uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan. "Real" raqib darvozasiga 278 ta to‘p, "Barsa" esa 272 ta to‘p kiritgan. 

Ispaniya Primerasi. 12-tur
Real Madrid – Barselona – 0:4


Gollar: Suares, 11 (0:1); Neymar, 39 (0:2); Inesta, 53 (0:3); Suares, 74 (0:4).
Chetlatish: Isko, 84 (Real).

Top