12:43 / 22.11.2015
15609

“Hech kim sendan qarzdor emas”

Mehribon otaning Rojdestvo arafasida qiziga yozgan maktubi. Ko‘p narsani anglashga yordam beradi. 

— Hademay Rojdestvo, menda yana bir muammo — senga nima sovg‘a qilishni bilmayman. Senga ko‘p narsa — kitoblar, o‘yinlar, ko‘ylaklar qiziqligini bilaman.

Senga odatdagidan ko‘proq saqlanib qoladigan bir nima sovg‘a qilgim kelyapti. Har Rojdestvoda meni eslatib turadigan biron nima.

Menimcha, senga nima sovg‘a qilishim mumkinligini bilaman. Menga darrov ayon bo‘lgan oddiy bir haqiqatni. Agar uni hozir tushunsang, u hayotingni anchagina yaxshilaydi. Shunda bu haqiqat haqida hech qachon eshitmagan odamlarni tashvishga soladigan muammolarga duch kelmaysan. 

Bu juda oddiy: Hech kim sendan qarzdor emas.

Bu nimani anglatadi? 

Qanaqasiga bu oddiy gap muhim bo‘lishi mumkin? Balki, hozir senga bunday tuyulmas, lekin bu fikr hayotingni asraydi. Hech kim sen uchun yashamaydi, bolaginam. Chunki sen — bu sensan, boshqa hech kim emas. Har kim o‘zi uchun yashaydi, o‘z baxti uchun. Buni qanchalik erta tushunsang, shunchalik tez kimdir seni baxtli qilishi mumkin degan umiddan xalos bo‘lasan. 

Bu degani, hech kim seni yaxshi ko‘rishga majbur emas. Agar kimdir sen yaxshi ko‘rsa, bilginki, senda uni baxtiyor qiladigan qandaydir o‘ziga xoslik borligi uchun yaxshi ko‘radi. O‘sha o‘ziga xoslik nimaligini anglashga harakat qil va seni yanada ko‘proq yaxshi ko‘rishlari uchun shu jihatingni kuchaytir. Agar odamlar sen uchun nimadir qilsa, bilginki, shuni xohlaganlari uchun qilishadi. Demak, sen qaysidir sababga ko‘ra ular uchun qadrlisan, ko‘nglingga yoqishga urinishmoqda. Ammo sendan kimdir shunchaki qarzdor bo‘lgani uchun emas.  

Bu degani, seni hech kim hurmat qilishga majbur emas. Ba'zi odamlar esa senga yaxshi munosabatda bo‘lmaydi. Lekin odamlar senga yaxshi munosabatda munosabatda bo‘lishga majbur emasligini anglashing bilan dilingga ozor berishi mumkin bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilishdan qochishni o‘rganasan. Ha, sen ham o‘z navbatida, ulardan qarzdor emassan.  

Yana o‘sha gap: Hech kim sendan qarzdor emas. 

Sen faqat o‘zing uchungina yaxshiroq bo‘lib borishing kerak. Shunda boshqalar senga intiladi, seni qo‘llab-quvvatlashni va sen bilan eng zarur narsalarni baham ko‘rishni xohlab qolishadi. Kim sen bilan bo‘lishni istamasa, buning senga daxli yo‘q. Agar shuday holat sodir bo‘lsa, shunchaki o‘zing istagan munosabatlarni izla. Birovning muammosi senikiga aylanmasin. 

Atrofdagilarning hurmati va muhabbatini qozonish kerakligini anglaganingda, hech qachon imkonsiz narsani kutmaysan, hafsalang ham pir bo‘lmaydi. Boshqalar sen bilan hissiyotlarini ham, fikrlarini ham bo‘lishishga majbur emas. Agar shunday qilayotgan bo‘lishsa, demak, sen shunga arziysan. Boshqalar ko‘rsatayotgan mehrdan va do‘stlaringning hurmatidan, erishganlaringning baridan faxrlanishga asosing bor. Ammo buni abadiy deb o‘ylama, hammasini osongina yo‘qotishing mumkin. Ular senga tegishli emas, bularning bariga munosib bo‘lish kerak. 

Mening tajribam.

Hech kim hech nima qarz emasligini anglaganimda, yelkamdan tog‘ qulagandek bo‘ldi. Bunday fikrda bo‘lmagan paytlarimda, istaganimga erisholmay juda ko‘p kuchimni sarflardim. 

Hech kim meni shunchaki hurmat qilishi, men bilan do‘st bo‘lishi, yaxshi ko‘rishi, meni komillikka undashi kerak emas. Natijada bundan tegishli xulosa chiqardim — o‘zim istagan odamlar bilan bo‘lishni, qilishni xohlagan ishimni qilishni o‘rgandim. 

Bu tushuncha menga do‘stlik, biznes sheriklar, sevimli insonlar, bo‘lajak mijozlarni berdi. Bu menga har doim boshqa odamning qalbiga kirib borsamgina istaganimga erisha olishimni eslatib turadi. Men uning nimani his qilayotganini, unga nima muhimligini, nimani xohlayotganini tushunishim kerak. O‘shandigan u odam bilan bog‘lanishni xohlaymanmi yoki yo‘qmi, anglayman.  

Yillar davomida o‘rganganimni ikki og‘iz gap bilan tushuntirishim unchalik oson emas. Ammo, balki, bu xatni har Rojdestvoda qayta o‘kirsan, shunda uning ma'nosi oydinlashaveradi. 

Umid qilamanki, shunday bo‘ladi, chunki bu sen iloji boricha ertaroq anglashing kerak bo‘lgan haqiqat: hech kim sendan hech nima qarzdor emas.

1966 yil 25 dekabr,

Maktub muallifi: analitik Garri Braun. 

Top