19:31 / 22.11.2015
22301

Botir Qodirovning uzoq kutilgan konserti Kun.uz nigohida

21 noyabr kuni Toshkent shahridagi "Istiqlol" san'at saroyida iste'dodli san'atkor Botir Qodirovning uzoq kutilgan yakkaxon konserti boshlandi.

KUN.UZ muxbiri konsertga tashrif buyurdi va jarayonni kuzatib, sahnadagi lahzalarni fotosuratlarga muhrladi.

2012 yildan buyon, 3 yillik tanaffusdan keyin ilk bor katta sahnada chiqish qilgan xonanda bu konsertga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgani sezildi.

Kontsertning ochilish qismida xonanda tomonidan milliy qo‘shiqlar kuylandi.

Sahnada ijro etilgan, bundan oldinroq muxlislar orasida mashhurlashgan "Ey, do‘stim" va "Jim turing" nomli qo‘shiqlari konsertga tushganlar tomonidan iliq kutib olindi.
Kontsertda yangragan yangi qo‘shiqlardan biri, "Vatan xizmatida yurganlar" qo‘shig‘i muxlislar orasida yangi "xit"ga aylanishini kutish mumkin.

Bu qo‘shiq har qanday tinglovchida vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishi shubhasizdir.

Uning "Onamdan keyin" nomli qo‘shig‘i esa konsert zaliga tashrif buyurgan tomoshabinlarni chin ma'noda larzaga soldi.

"Bir telba bo‘lib qoldim onamdan keyin, yolg‘izligim sezildi onamdan keyin...", deya marhum onasiga bag‘ishlangan qo‘shiqni kuylaydi Botir Qodirov.

Kontsertda og‘ir qo‘shiqlar bilan muxlislar "charchatib qo‘yilmadi", aksincha, unda sho‘x qo‘shiqlarning ulushi ham kam bo‘lmadi va xonandaning o‘zi muxlislar oldiga tushib, ular davrasida raqsga tushdi.


Kontsertga tashkilotchilar professional darajada tayyorlanishganini e'tirof etmoq kerak. Kontsert bannerining o‘ziga xos uslubda tayyorlanishidan tortib, konsertning targ‘iboti ham professional yondashilganini ko‘rish mumkin. Natijada, bu konsert ma'lum ma'noda shouga aylandi, vizualizatsiya va yoritish effektlari dasturning bayramona, shukuhli o‘tishini ta'minlab berdi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, konsert ssenariysini tuzishda xalqaro toifadagi prodyuser Franki Raden bilan hamkorlik qilingan.


2 soatdan oshiqroq vaqt davomida muxlislarni zeriktirmagan xonandaning yuzi yorug‘ bo‘ldi deyish mumkin. Xalq uni konsert so‘ngida olqishlarga ko‘mdi.

Biz ham uning chiqishini yaxshi baholaymiz va uning san'ati gurkirab o‘sishda davom etishini tilaymiz.
Qo‘shimcha o‘rnida, muxlis sifatida shuni bildirishimiz mumkinki, konsertning yagona kamchiligi - unda fonogrammadan foydalanilgani bo‘ldi. Zero, muxlis uchun jonli ijroning qadri bo‘lakcha va ahamiyatliroqdir.
Bu haqda konsertdan oldin ogohlantirilgan, dasturning shou tarzida o‘tkazilayotgani, unda videomateriallardan foydalanilishi va ayrim texnik sabablar hamda xonandaning toliqib qolishidan saqlanish tufayli ayrim qo‘shiqlarda fonogrammadan foydalanishga qaror qilingani aytilgandi.
Lekin ishonch bilan aytish mumkinki, Botir Qodirov bunday konsertlarni jonli ovoz bilan o‘tkazishga qodir. Uning salohiyati evaziga keyingi konsertlarda shu jihat e'tiborga olinishiga umid qilamiz.

ANONS. Kun.uz 23 noyabr kuni, konsert yakunidan so‘ng 3 kunlik konsert tafsilotlarini o‘zida jamlagan videolavhalarni namoyish etadi.

Ma'lumot o‘rnida. Botir Qodirov 1981 yilning 6 may kuni, Andijonda san'atkorlar oilasida tavallud topgan. Uning onasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zulxumor Qodirovadir. Botir Qodirov bolaligidan qo‘shiq kuylashga ishtiyoqi baland bo‘lgan. U maktabni tamomlagandan so‘ng 2000 yilda Andijon san'at kollejiga o‘qishga kiradi. Kollejni tugatgandan so‘ng esa Toshkent Davlat Madaniyat institutining an'anaviy xonandalik fakultetida tahsil olishni boshlaydi. Ilk ijodini u 2005 yilda "Seni o‘ylayman" qo‘shig‘i bilan boshlaydi. Uning "Sevib qolganman yomon", "Aldamadim", "Onam bo‘ladi", "Adashdim" va "Seni o‘ylayman", "Yig‘laysanmi" kabi qo‘shiqlari muxlislar ko‘nglidan joy topib, xit taronalarga aylangandi.

 

Kontsertda taqlidchilar guruhi mehmonlar sifatida chiqish qilishib, tomoshabinlarning kayfiyatini ko‘tarishdi.

Shuningdek, muxlislar xonandaning shogirdi ijodi bilan tanishishdi.

Top