20:45 / 23.11.2015
3265

Darig‘a Nazarboyeva viloyat akimatlarining ishini tanqid qildi

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Darig‘a Nazarboyeva Qozog‘iston hukumatining selektor majlisida aholining bandligi masalalarini hal qilish mahalliy ijroiya organlarining (akimat) kun tartibidan o‘rin olishi kerakligini aytdi, deb xabar berdi bosh vazir matbuot xizmati.

“Men aholi bandligi masalalariga e'tiborni qaratish muhimligiga yana bir bor urg‘u bermoqchiman, bu masalalar joriy iqtisodiy bosqichda keskinlikning oshishiga olib kelishi mumkin. Bu yerda davlat organlarining ham, mahalliy ijroiya organlari va Tadbirkorlar milliy palatasining ham aniq, birgalikdagi ishi lozim”, deb aytdi Nursulton Nazarboyevning qizi.

Nazarboyevaning aytishicha, mehnat bozorida barqarorlikni ta'minlash “mahalliy ijroiya organlarining ustuvor vazifasi bo‘lishi” kerak.

Nazarboyevaning ta'kidlashicha, Qozog‘iston viloyatlarida antikrizis shtablar va uch tomonlama komissiyalar mavjud va ular bu masala bo‘yicha aniq ishlashlari juda muhimdir.

Nazarboyeva viloyatlarda bandlik yo‘l xaritasini amalga oshirishga ajratilgan byudjyet mablag‘laridan foydalanishda ko‘plab qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani masalasini ko‘tardi.

“Bu mablag‘lardan maqsad bo‘yicha foydalanmaslik, firibgarlikdir hamda mahalliy ijroiya organlari bu sohada ishni yetarlicha faol olib bormayotganidan darak beradi”, deb davom etdi Nazarboyeva.

Nazarboyeva mahalliy ijroiya organlari qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni davlat organlariga ag‘darmasliklariga e'tiborni qaratdi.

“Hozirda aynan viloyatlarda 7 ta davlat dasturi amalga oshirilmoqda va ularning bajarilishi va bu dasturlarga yo‘naltirilayotgan pullarning aniq manzilligini ta'minlash mahalliy ijroiya organlari vakolatiga kiradi, shuning uchun men sizni xulosalar chiqarib, topshiriqlar berishingizni so‘rayman”, deb aytdi Nazarboyeva bosh vazir Karim Masimovga.

Top