08:43 / 23.11.2015
2108

O‘zbekiston MSK va Latviya o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memomorandum imzolandi

21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomovning Toshkent shahrida 23-24 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan hamda saylov tizimi va qonunchiligini demokratlashtirish, O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasiga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati ishtirokchisi sifatida hozir bo‘lgan Latviya Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi A.Tsimdars bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar bergan.

Uchrashuv chog‘ida saylov organlarining ikki tomonlama hamkorligi masalalari bo‘yicha fikr almashildi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasining to‘laqonli a'zosi hisoblanadi. Uning MDH mamlakatlari, Germaniya, Hindiston, Koreya Respublikasi, Malayziya saylov organlari, shuningdek BMTTD, YeXHT, ShHT bilan hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonda ham, Latviyada ham saylov institutiga alohida e'tibor qaratiladi. Ikkala davlatda Markaziy saylov komissiyasi mustaqil organ sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Markaziy saylov komissiyalarining o‘zaro hamkorligi samarali va konstruktiv munosabatlar tusiga ega. O‘zbekiston va Latviya saylov organlarining vakillari xalqaro tashkilotlar ishida, boshqa mamlakatlarda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini kuzatishda ishtirok etishadi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Latviya Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandumni imzolash marosimi o‘tkazildi. Memorandumda saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni va saylov amaliyotini takomillashtirish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq axborot, materiallar, tadqiqot natijalari almashinuviga ko‘maklashish, saylovchilarning huquqiy madaniyati va faolligini yuksaltirish sohasida tajriba almashish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston va Latviya saylov organlarining hamkorligi to‘g‘risidagi memorandumni imzolash marosimida Latviya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Edgars Bondars, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a'zolari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining mas'ul xodimlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Top