21:32 / 23.11.2015
18640

Rey Kurtsveylning yaqin 25 yilga bergan bashoratlari

Bill Geyts Rey Kurtsveyl haqida gapirganda, “sun'iy aql-idrokning kelajagini bashorat qilish bo‘yicha eng yaxshi bashoratchilardan biri deb bilaman”, deb aytgan. Kurtsveyl sun'iy idrok bo‘yicha bildirgan bashoratlari bilan mashhur. Quyida Kurtsveylning navbatdagi 25 yil uchun bergan eng qiziq bashoratlari keltirilgan. Biroq bundan avval Rey Kurtsveyl o‘zi kim ekanligiga aniqliklik kiritib olaylik. 

Kelajakni bashorat qiluvchi va hozirda Google kompaniyasining texnik direktori Kurtsveyl 7 kitob muallifi hisoblanadi (bu kitoblardan 5 tasi katta nusxada sotilgan), 20 ta nufuzli doktorlik darajalari sohibi va uch nafar AQSh prezidenti tomonidan ko‘krak unvonlari bilan taqdirlangan. 

U, shuningdek, birinchi planshet skaneridan tortib, ko‘zi ojizlar uchun harf bosuvchi mashinalargacha, ko‘plab texnologiyalar ixtirochisi hisoblanadi. Shu bilan birga, Kurtsveyl Silikon vodiysida joylashgan “Singularity University” ta'lim berish muassasasining ta'sischilaridan biri hisoblanadi hamda Larri Peyj bilan birga Google sun'iy intellektini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda ish olib boradi. 

Qisqasini aytganda, Rey Kurtsveyl juda aqlli inson hisoblanib, uning bashoratlari juda katta qiziqish uyg‘otadi. U bizlar hozirda odamzod tarixidagi eng qiziq davrda yashayotganimizni doimo eslatib turadi. Keling, Kurtsveylning oxirgi 25 yil ichida aytgan bashoratlaridan ro‘yobga chiqqanlaridan eng qiziqarlilarini hukmingizga havola etaylik. 

Kurtsveyl 1990 yilda (25 yil muqaddam) quyidagilarni bashorat qilgan:

- kompyuter 1998 yilda shaxmat bo‘yicha jahon chempionini yutishini aytgan. 1997 yilda “Deep Blue” dasturi haqiqatan ham o‘sha paytdagi jahon chempioni Garri Kasparovni mag‘lub etdi;

- shaxsiy kompyuterlar 2010 yilda internetga simsiz kira olish qobiliyatiga ega bo‘lib, savollarga javob bera olishini aytgan. Ko‘rib turganingizdek, u yana haq bo‘lib chiqdi;

- 2000 yillar boshida ekzoskeletlar nogironlarga yurishga imkon berishini bashorat qilgan. Hozirda “Ekso Bionics” kabi kompaniyalar aynan shu va boshqa ishlarni bajaradigan texnologiyalarni ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.

1999 yilda quyidagilarni bashorat qilgan:

- 2009 yilda insonlar kompyuterga ovozli buyruqlar bera olishini aytgan. Biroq 2009 yilda “Siri” va “Google Now” kabi tabiiy til interfeyslari o‘zlarining bu yo‘nalishdagi uzun yo‘llarini boshlashgan bo‘lsalar-da, yaqin orada biz klaviaturadan foydalanishimizga umuman hojat qolmasligi ehtimoli juda katta. 

- 2009 yilda kompyuter displeylari ko‘zoynaklarga o‘rnatiladi hamda to‘ldirilgan reallikni yaratadi deb aytgan. Laboratoriyalar hamda olimlarning izlanishlari natijasida bunday displeylar 2009 yildan ancha yil oldin yaratila boshlangan. Biroq Google kompaniyasi Google Glass prototiplarini faqatgina 2011 yilda tajribadan o‘tkazishni boshladi. Hozirgi kunda biz to‘ldirilgan va virtual reallik sohasida katta siljishni kuzatyapmiz. Microsoft kompaniyasi bu borada “HoloLens”ni namoyish etdi, “Magic Leap” kompaniyasi esa juda qiziq texnologiyalar ustida ish olib bormoqda.

2005 yilda quyidagilarni bashorat qilgan:

- 2010 yilda virtual yechimlar evaziga bir tildan ikkinchi tilga tarjimalarni onlayn rejimida amalga oshirish mumkin bo‘ladi, degan. Aytish joizki, Microsoft (Skype Translate), Google (Translate) va boshqalar buni allaqachon amalga oshirib bo‘ldilar. “Word Lens” kabi ba'zi dasturlar esa umuman sizning kamerangizdagi so‘zlarni tarjima qila olish imkoniyatiga ega. 

 

Kurtsveylning yaqin 25 yilga bergan bashoratlari

Quyida Kurtsveyl tomonidan berilgan ba'zi bashoratlardan bor-yo‘g‘i bir nechtasi keltirilgan. Kurtsveyl bu bashoratlarda yil kabi mayda-chuyda jihatlarda adashishi mumkin bo‘lsada, biroq uning bu bashoratlari odamni hayratga soladi. Ular orasida tadbirkorlarda qiziqish uyg‘otishi mumkin bo‘lganlari ham mavjud. 

2020 yilning oxiriga kelib tasvirlar to‘g‘ri ko‘z pardasiga akslantiriladi. O‘n terabayt hisoblash quvvati (inson miyasi deyarli shuncha hisoblash quvvatiga ega) 1000 dollarga aylanishi mumkin.

2020 yillarga kelib ko‘pchilik kasalliklarning davosi topiladi, chunki nanobotlar hozirgi davrdagi tibbiyot texnologiyalaridan ko‘ra aqlliroq bo‘ladi. Odam oziqlanadigan normal oziqa mahsulotlari nanotizimlar bilan almashtirilishi mumkin bo‘ladi. Tyuring testi doimiy ravishda o‘tkazilib turiladi. Yo‘llarda o‘zi boshqariluvchi avtomobillar ko‘payib, odamlarga avtomobillarni boshqarish taqiqlab qo‘yiladi. 

2030 yillarga kelib virtual reallik 100 foiz haqiqatda seziladigan bo‘ladi. Biz bu o‘n yillikning oxiriga kelib, o‘z miyamizga ma'lumotlarni yuklay olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. 

2040 yillarga kelib nobiologik idrok biologik idrokka (ya'ni bizning idrokka) nisbatan milliard marta kuchliroq bo‘ladi. Nanotexnologiyalar tom ma'noda havodan istalgan oziqa yoki istalgan fizik obektni yaratish imkoniga ega bo‘ladilar. 

2045 yilga kelib odamzod o‘z miyasining ikkala yarim sharini sun'iy neokorteks yordamida simsiz aloqa shaklida ulab, o‘z aql-idrokini milliard marotaba ko‘paytira oladi.

Bir muhim narsani ta'kidlab o‘tish joiz. Gap bashoratlarda emas, balki ular o‘zlarida nimani namoyon qilishidadir. Kurtsveylning bashoratlari uning Mur qonuni – o‘sib borayotgan sermahsullik va eksponentsial (rivojlanib borayotgan) texnologiyalar qonunini o‘ziga xos tushunishining hosilasidir. 

Bu texnologiyalar hisoblash quvvati har ikki yilda ikki marotaba ko‘payib borishi tamoyiliga asoslangan eskponentsial egri chiziq bo‘ylab o‘sib boradi. Biz – oddiy odamlar ko‘proq to‘g‘ri chiziq bo‘ylab fikrlashga o‘rganib qolganmiz. Tadbirkorlar esa eksponentsial ravishda o‘ylashga majburlar. 

Ko‘pchiligimiz kelajakni bashorat qiluvchilarning bashoratlarini tushunmaymiz, chunki eksponentsial texnologiyalarning boshlang‘ich bosqichlarida ular bizni chalg‘itib qo‘yadi. Bizlar ko‘proq ularga yakson qiluvchi bir narsaga qaragandek qaraymiz – bunda sun'iy idrok, virtual reallik, robot texnikasi, internet, mobil telefon va boshqa sohalardagi texnologik yutuqlar oqibatida katta kompaniyalar yo‘q bo‘lib ketganini qo‘rishimizning o‘zi kifoya qiladi. Biroq bu texnologiyalardan har biri bir kun kelib o‘z mavqeini yo‘qotadi. 

Bugungi kunda bu texnologiyalar ko‘p milliardlik mablag‘larga ega bo‘layotgan kompaniyalar asosida yotadi hamda milliardlab odamlarning hayotiga o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Top