13:22 / 23.11.2015
3333

WSJ: Olland “buyuk va yagona” aksilterrorchilik koalitsiyasini qurishni boshlamoqda

23 noyabrdan Fransiya prezidenti Fransua Olland IShID jangarilariga qarshi kurashuvchi koalitsiya tuzishga qaratilgan bir qator diplomatik uchrashuvlarni boshlaydi, deb yozmoqda The Wall Street Journal nashri.

Ta'kidlanishicha, Ollandning “diplomatik yurishi” 24 noyabrdan Parijda Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron bilan uchrashuvdan boshlanadi, so‘ngra Vashingtonda va Moskvada AQSh va Rossiya prezidentlari bilan davom etadi va Xitoy prezidenti Si Tszinpin bilan kelayotgan yakshanba kuni yakunlanadi.

Nashrning ta'kidlashicha, Parijga hujumlar uyushtirilishi Ollandni xalqaro harbiy koordinatorga aylantirdi. Biroq Fransiya rasmiy shaxslari terrorchilar ustidan g‘alaba qozonish uchun Ollandga global uyushma kerak, deb hisoblashmoqda.

Maqola muallifining fikricha, yaqin haftalarda Olland o‘zining xalqaro hamkasblariga Parij iqlim bo‘yicha xalqaro anjumanni o‘tkazish uchun xavfsiz joy ekanligini isbotlashiga to‘g‘ri keladi. 30 noyabrda o‘tadigan ushbu tadbirga 140 ta davlat rahbari kelishi kutilmoqda, shu sababli Fransiya Parij va boshqa shaharlarda faollarga rejalashtirilgan marshlarni o‘tkazishni taqiqlab qo‘ydi.

Biroq “buyuk va yagona” koalitsiyani tuzish uchun Olland “xalqaro to‘siqlarni” aylanib o‘tish usullarini topishi va turli davlatlarning ichki muammolarini hisobga olishi lozim.

Buyuk Britaniya bosh vaziri hozircha IShIDga qarshi kurashga qo‘shilishdan bosh tortmoqda, chunki unga harbiy harakatlarni boshlashi uchun parlament roziligi kerak bo‘ladi. Ushbu masala bo‘yicha Buyuk Britaniya parlamentida ovoz berish jarayoni Ollandning hafsalasini pir qilishi mumkin, chunki 2013 yilda parlament Suriyada harbiy operatsiyaning boshlanishini qo‘llab-quvvatlamagan va ba'zi parlament a'zolarining fikricha, bu holat qaytarilishi mumkin.

AQSh va Rossiyani koalitsiyaga qo‘shilishga ko‘ndirish ham muvaffaqiyatsizlik bilan tugashi mumkin, chunki Barak Obama hali ham Vladimir Putin bilan hamkorlik qilishga xavotir bilan qaramoqda.

Top