11:02 / 24.11.2015
12159

Afina markazida portlash sodir bo‘ldi

Gretsiya poytaxti Afina shahri markazidagi tadbirkorlar federatsiyasi binosi yaqinida bomba portladi, deya xabar bermoqda Reyter agentligi politsiya ma'lumotlariga asoslangan holda.

Portlash mahalliy vaqt bilan 3:30 (Toshkent vaqti bilan 6:30)da grek parlamenti qarshisida joylashgan Sintagma maydoni yaqinida sodir etildi. Portlovchi uskuna soat mexanizmi yordamida harakatga kelgan.

Agentlikning politsiyadagi axborot manbasi so‘zlariga ko‘ra, qo‘poruvchilik harakatidan taxminan 30 daqiqa oldin portlashga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Bomba portlashi natijasida yaqin atrofdagi binolarning oynalari to‘kilib tushgan, hodisadan hech kim jabr ko‘rmagan.

Huquqni muhofaza qilish organlari taxminiga ko‘ra, portlash yunon jangari guruhlari tomonidan sodir etilgan. Bu kabi voqea 2015 yilning yanvarida hukumatga Aleksis Tsipras bosh vazir bo‘lib kelganidan buyon ilk bor kuzatildi.

Top