18:03 / 24.11.2015
9940

Faol hayot boshlash uchun 25 maslahat

Zamonaviy turmush tarzi, kamharakatlilik, noto‘g‘ri ovqatlanish va suyuqlikni yetarlicha iste'mol qilmaslik, shaharning yomon ekologiyasi sog‘lig‘imizni ancha yomonlashtiradi. O‘zimizga va sport bilan shug‘ullanishga kamroq vaqt ajratamiz. O‘ylab ko‘ring, turli nofaol ko‘ngilochar ishlarga qancha kuchimizni sarflaymiz? Ko‘pchiligimiz uchun kun pochtani yoki ijtimoiy tarmoqdagi sahifani tekshirishdan boshlanadi, 5 daqiqalik jismoniy mashqlardan emas. Biz kamharakatlilik asiriga aylanib boryapmiz.

Sport bilan shug‘ullanish va to‘g‘ri ovqatlanish — bu faqat ortiqcha kaloriyalarni yo‘qotish degani emas. Bularning bari qomatni chiroyli saqlashga yordam beradi, moddalar almashinuvini tezlashtiradi, bu esa o‘z navbatida vaznning oshib ketmasligiga yo‘l qo‘ymaydi, shuningdek, ko‘plab yurak-tomir kasalliklari va diabetning paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi.

Organizmning suvga bo‘lgan ehtiyojini doimo qondirish zarurligini yodda tutish kerak. Buning hisobini chiqarish qiyin emas: odam vaznining har bir kilogrammi uchun 40 millilitrdan suyuqlik ichishi kerak. yarmi ichimliklar bilan, yarmi taomlar bilan kirishi lozim. Organizmimiz uchun nihoyatda muhim suyuqlik manbai faqat suv emas, balki barcha alkogolsiz ichimliklardir (jumladan, qahva, choy, sharbat, mors, va boshqalar), chunki ularning hammasi 85-99 foizi suvdan iborat. Ichimlikni tanlayotganda suv sifatida va ta'miga ahamiyat berish kerak. Mashhur ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini tanlagan ma'qul.

Ijobiy fikrlang va faol yashang, sport bilan muntazam shug‘ullaning, harakatchanroq bo‘lish uchun har bir imkoniyatdan foydalaning. Sport ham, to‘g‘ri ovqatlanish ham faqat rohat bag‘ishlashi kerak, shundagina bu sizning turmush tarzingizga aylanadi.

Eng muhim narsalar mayda narsalardan boshlanadi. Quyida biz taklif etayotgan oddiy maslahatlar sizdan hech qanday maxsus tayyorgarlikni va katta mablag‘ tikishni talab qilmaydi, lekin hayotni faolroq va qiziqarliroq qilishga yordam beradi. Hozirdanoq harakatni boshlang!

Buning uchun biroz faolroq bo‘lishingiz kerak, masalan:

  • - Ishda yoki uyda telefonda gaplashayotganingizda, o‘rningizdan turib yuring.
  • - Qo‘llaringiz chigilini yozish uchun ziqlikka qarshi koptokchadan foydalaning.
  • - Avtobusdan bir bekat oldin tushib, qolgan yo‘lni piyoda bosib o‘ting.
  • - O‘tirganingizda oyoqlaringizni cho‘zing, to‘piqlaringizni aylantiring, buking.
  • - Kompyuter qarshisida ishlayotganda yelka va bo‘yin mashqini qiling.
  • - Avval yaqiningizdagi, keyin uzoqdagi buyumga qarab, ko‘zga dam bering. Bu mashqni besh martacha takrorlang.
  • - Katta faylni yuklayotganda ofisda yoki yo‘lakda biroz yuring.
  • - Ishda shkafni yig‘ishtirish va hujjatlarni saralashni kamida har uch oyda amalga oshiring.
  • - Lift o‘rniga zinadan foydalaning.
  • - Ish joyingizni shunday jihozlangki, erkin harakat qilishga joy ko‘proq bo‘lsin.
  • - Har doim to‘g‘ri o‘tirishga harakat qiling. Vaqti-vaqti bilan qorningizni tortib turing, bu qomatni tik tutishga yordam beradi.
  • - Bir kunni shahardan tashqarida oilangiz bilan o‘tkazing.
  • - Buvingiz va buvangiz bilan shahar markazini aylaning.
  • - Mashinada yurish o‘rniga haftada hech bo‘lmasa ikki-uch kun piyoda yuring.
  • - Piyoda yurishni odat qiling.
  • - Ertalab o‘zingiz yashaydigan tumanda yuguring.
  • - Uy hayvoningizni yuvintiring.
  • - Ombor, garaj yoki katta shkafni yig‘ishtiring.
  • - Televizor yoki videoo‘yinlarga bir kunda ikki soatdan ko‘p vaqt ajratmang.
  • - Tortilish, cho‘zilish mashqlarini uxlashga yotishdan oldin va uyg‘ongandan so‘ng bajaring.
  • - Kitob o‘qiyotganda velotrenajyordan foydalaning.
  • - Jismoniy mashqlarni bajarish yoki yugurish uchun bir soat erta uyg‘oning.
  • - Do‘stlaringiz bilan bolalikdagi kabi o‘yinlar o‘ynang.
  • - Uyda yengil ta'mirlash ishlarini amalga oshiring.

P.S. Azizlar! Ozgina hafsala qiling, bu o‘zingiz uchun kerak, bizga emas! Tanangiz sizga hali ko‘p raxmat aytadi.... Salomat bo‘ling!

Top