18:12 / 24.11.2015
2937

Hyundai kompaniyasi yangi flagman modeli intererini namoyish qildi

Hyundai kompaniyasi Genesis subbrendi ostida ishlab chiqariladigan o‘zining yangi G90 flagman sedani intererining ilk rasmiy tasvirlarini chop etdi. Modelning jihozlanishi haqida hozircha ma'lumot kam, faqatgina interer konsepsiyasi “Bashang hashamat” degan nom oldi.

Ushbu josuslik suratlarida ko‘rinishicha, yangi sedan ikki modifikatsiyadagi interer bilan taklif qilinadi. Ulardan biri uch o‘rindiqli orqa divan bilan jihozlanadi, unda yig‘ib qo‘yiladigan tirsakqo‘ygich bo‘ladi. Unda multimedia majmuasi va iqlimni nazorat qilgich bloki o‘rnatiladi. Ikkinchisi oyoqqo‘ygichlarga ega ikkita alohida o‘rindiqlar, muzlatgich va katta monitorli konsol bilan jihozlanadi.

Orqa o‘rindiqlar tirsakqo‘ygichdagi tugmalar yordamida boshqariladi. Hammasi bo‘lib uchta rejim – dam olish, o‘qish va video ko‘rish rejimi ko‘zda tutilgan.

Alohida o‘rindiqlar bilan G90’ning uzaytirilgan varianti jihozlanadi, uning gabarit o‘lchamlari va g‘ildiraklar bazasi o‘lchami mos ravishda 5495 va 3450 millimetrga teng bo‘ladi. Modelning motorlari gammasiga 370 ot kuchiga ega 6 silindrli, 3.3 litrli tvin-turbo motor, 334 ot kuchiga ega 3,8 litrli 6 silindrli atmosferali motor va 425 ot kuchiga ega 8 silindrli, 5 litrli motor kiradi. Uzatmalar qutisi 8 pog‘onali “avtomat” ko‘rinishida bo‘ladi.

Hyundai’ning yangi flagman modeli Janubiy Koreyada joriy yilning dekabrida paydo bo‘ladi. Model qolgan bozorlarga 2016 yildan chiqariladi.

Top